Endilikda yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk avtomobillari haydovchilari jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqidagi qo‘shimcha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritildi va 28-oktabrdan kuchga kirdi.

Kodeksning yangilangan 128-moddasiga ko‘ra, yo‘lning chetki chap qatorida yuk avtomobillarining harakatlanishi (chapga burilish yoki orqaga qayrilish kabi ruxsat etilgan holatlar bundan mustasno) endi bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari, ya’ni 187,5 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Birinchi jarimadan keyin bir yil davomida takroran qoidabuzarlik BHMning 1 baravari (375 ming so‘m), uchinchi qoidabuzarlik BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m), yil davomida to‘rtinchi va undan keyingi qoidabuzarliklar BHMning 4 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma’lumot o‘rnida, yo‘l harakati qoidalariga 2022-yil 1-maydan boshlab “barcha hollarda faqat chetki o‘ng qator bo‘ylab” (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan istisnolardan tashqari) yuk avtomobillarining harakatlanishi to‘g‘risidagi talab kiritilgandi. Shu paytgacha haydovchilarni bu qoidabuzarlik uchun jazolash imkoni yo‘q edi, chunki ma’muriy kodeksda sanksiyalar belgilanmagan.

Sentabr oyida Senatdagi o‘zgartirishlar muhokamasida O‘zbekistonda dastlabki yetti oy ichida yuk mashinalari ishtirokida 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani, ularda 108 kishi halok bo‘lgani va 227 kishi jarohat olgani ma’lum qilingandi.