O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovlarni tiklash taklif qilinmoqda. Bu 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasidan kelib chiqadi.
Taklif “maktablarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalarning faolligini oshirish”ga qaratilgan. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab 2−11-sinf o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Loyihada qayd etilishicha, 2024-yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘m) tashkil etgan.
Hujjatni ishlab chiqqanlar bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni uning narxining 16−18 foizini tashkil etadigan miqdorda to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda.
Yig‘ilgan 376,6 mlrd so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, — deyiladi budjetnoma loyihasida.
Budjetnoma loyihasiga bu taklif kiritilganini 29-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov ma’lum qildi.
“Bu budjetnomadagi taklif, bu normativ-huquqiy hujjat yoki boshqa narsa emas. 2-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan kontingent uchun bir to‘plamga sinfidan qat’i nazar bir martalik belgilangan 80 ming so‘m ijara to‘lovini kiritish budjetnomada taklif sifatida ketgan. Bu budjetga yuklamani taxminan 376 mlrd so‘mga kamaytirishga olib kelishi mumkin”, — dedi u.
Unga ko‘ra, joriy yilda darsliklar uchun 1,5 trln so‘m, kelasi yili esa 1,3 trln so‘m mablag‘ sarflanishi kutilmoqda.
“Bu taklif darajasida turibdi. Bu 1-sinfdan va ijtimoiy himoya reyestriga kirgan oilalardan tashqari. Bu hali joriy etildi, qabul qilindi degani emas”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Temurjon Komilov bu taklif Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilganini ta’kidladi.
“Bu biz bilan kelishilgan. Xabarimiz bor. Buning tagida asoslari bo‘ladi. Lekin har qanday normativ-huquqiy hujjat ham jamoatchilik muhokamasiga chiqariladi, vazirlik va idoralar bilan kelishiladi. O‘sha vaqtda hamma asoslantirishlari, ijobiy va salbiy tomonlari ko‘rib chiqiladi. Bu hozir taklif darajasidagi pozitsiya”, dedi u.
2022-yilda bitta darslik (mashq daftarlari) uchun o‘rtacha bir martalik ijara haqi keskin 5707 so‘mga (sinfga qarab har to‘plam uchun 68,5 ming so‘mdan 119,8 ming so‘mgacha) yoki o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan (2740 so‘m) 2,1 barobarga keskin oshirilgandi. Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi narx jahon bozorida qog‘oz narxining oshishi va mamlakatga qog‘oz yetkazib berish uchun transport xarajatlari tufayli qimmatlashganini qayd etgandi.
Maktab darsliklari va mashq daftarlari uchun ijara haqi keskin oshirilganiga jamoatchilik e’tirozlari kuzatilayotgan bir paytda prezident Shavkat Mirziyoyev “bepul ijarani tashkil etish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish”ga ko‘rsatma bergandi. Shundan so‘ng, darsliklar ijarasi uchun to‘lov bekor qilingandi.
“Gazeta.uz” xorijiy mamlakatlarda maktab o‘quvchilarini kitob bilan qanday ta’minlayotgani haqida yozgandi (ko‘p mamlakatlarda kitoblar bepul beriladi va o‘quvchilarda abadiy qoladi, O‘zbekistonda esa darsliklar maktabga qaytariladi).
Darsliklar uchun ijara to‘lovini tiklash taklifi e’lon qilingach, sobiq deputat Rasul Kusherbayev maktab darsliklarini ijaraga olish uchun to‘lov Konstitutsiyaning 50-moddasiga zid ekanligini, chunki davlat bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limini kafolatlashi kerakligini ta’kidladi.