28-oktabr kuni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov va Yaponiyaning Sukuba universiteti rektori Nagata Kyosuke O‘zbekistonda Yaponiya ta’lim dasturlari asosida xalqaro universitet tashkil etishga kelishib oldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda bo‘lajak universitetning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga qaror qilindi.
Nagata Kyosuke Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan ham uchrashdi. Yangi universitet uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ommabop yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlashda yangi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, bo‘lajak universitet faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev fevral oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116 ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berish topshirig‘ini bergan edi. Shuningdek, bakalavriat darajalarini kengaytirish va ularning sonini 40 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.