“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan chiqindini olib chiqib ketish uchun qarzi bor abonentlar elektr energiyasidan uziladi, degan xabarlarni rad etdi.
1-noyabrdan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida uch oy davomida chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha qarzdorligi bo‘lgan abonentlardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha cheklash boshlanishi kerak. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning yanvar oyidagi farmonida nazarda tutilgan.
1-iyundan boshlab Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida chiqindilarni olib chiqish uchun yarim yillik qarzdorlik uchun shunday cheklov joriy etilishi rejalashtirilgan edi. 2025-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida cheklovlar oylik qarzdorlik holatidayoq amal qila boshlaydi.
Oktabr oyining boshidan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” iste’molchilarga chiqindilarni olib chiqish uchun qarzdorlik mavjud bo‘lsa, elektr energiyasi uchun to‘lovni cheklash haqida SMS-xabarlar yuborishni boshladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” hozirda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha qarzini to‘lamagan iste’molchilardan to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha cheklash tizimini ishga tushirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” “Gazeta.uz”ga elektr energiyasi uchun haq to‘lash imkoniyatini cheklashni boshlash uchun elektr energiyasi to‘g‘risidagi qonunlarga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga, shuningdek, energiya ta’minoti korxonalari va iste’molchilar o‘rtasidagi kelishuvlar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishini aniqlashtirgan edi.
Bir kun avval Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 1-noyabrdan 5-noyabrgacha “Toza Makon-Billing” yangi billing tizimi joriy etilishi munosabati bilan chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lovlarni amalga oshirishda uzilishlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish kimlar uchun cheklanishi rejalashtirilmoqda?
Mazkur farmonga ko‘ra, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha cheklash “shakllanayotgan qarzdorlik to‘g‘risida o‘z vaqtida va qulay tarzda xabardor qilish” tizimini joriy etish bilan amalga oshirilishi lozim. Bu tizim chiqindilarni olib chiqish uchun oylik to‘lovlar bo‘yicha qarzdor bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabardor etishni nazarda tutadi.
Elektr energiyasi uchun to‘lovni qabul qilishga cheklov elektron to‘lov tizimlari orqali qarzdorlik haqida oldindan ogohlantirish yuborilganidan so‘ng, chiqindi uchun to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda joriy etiladi. Chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha xizmatlar uchun qarzdorlik to‘liq to‘langanidan so‘ng, cheklov olib tashlanishi kerak.
Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlarda cheklovlar joriy etilmaydi.