BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va bolalar ombudsmani ofisi 8-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida bolalar va o‘smirlar vaziyatining tahlili” hisobotini taqdim etdi. Hujjat O‘zbekiston 1994-yilda ratifikatsiya qilgan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning 35 yilligiga bag‘ishlangan. Bundan avvalgi xuddi shunday tahlil 2019−2020-yillarda o‘tkazilgan edi.
Tadqiqot so‘nggi yillarda bir qator yutuqlarga erishilgani, xususan, ijtimoiy xizmatlar va ulardan foydalanish imkoniyatlarining kengaygani, ta’lim va sog‘liqni saqlashda deyarli to‘liq qamrovga erishilgani, siyosat va qonunlarning bolalar manfaatlari uchun eng yaxshi tarzda takomillashtirilganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, hisobotda bolalar va o‘smirlar farovonligini ta’minlash sohasidagi ishlarni yanada yaxshilash zarurligidan dalolat beruvchi asosiy muammolar ajratib ko‘rsatilgan va tavsiyalar berilgan.
“Bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan, — deydi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova. — Bugungi kunda nafaqat bolalar farovonligini ta’minlovchi samarali huquqiy mexanizmni yo‘lga qo‘yish, balki bolaning qadr-qimmati va huquqlariga urg‘u beruvchi yangi ijtimoiy tafakkur va ijtimoiy me’yorlarni shakllantirish bo‘yicha ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”.
“Vaziyat tahlili yutuqlar va tendensiyalar, shuningdek, inson huquqlarining eng muhim tamoyillari: tenglik, kamsitmaslik va adolat nuqtai nazaridan takomillashtirish talab qilinadigan sohalarni tavsiflaydi,” — deya qo‘shimcha qiladi u.
Surayyo Raxmonova. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Bolalar ombudsmani ushbu tahlil O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar farovonligini yaxshilashga qaratilgan yangi siyosat vazifalari va asosiy dasturlarini ishlab chiqishda qimmatli vosita bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijioning ta’kidlashicha, vaziyat tahlilidan o‘rin olgan tavsiyalar bolalar manfaatlariga xizmat qiluvchi asosiy sektorlarda haqiqiy ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Rexina Mariya Kastijio. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
“Tavsiyalar O‘zbekiston hukumati va UNICEF o‘rtasida bolalar va o‘smirlar farovonligiga alohida e’tibor bergan holda, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan “O‘zbekiston — 2030″ milliy strategiyasiga muvofiq, 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturini ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi”, — deydi Rexina Mariya Kastijio.
“Vaziyat tahlili O‘zbekistonda bolalar huquqlariga oid xolis va tekshirish mumkin bo‘lgan tahlilni taqdim etadi, bu esa bolalarga, ayniqsa, eng muhtojlarga o‘z huquqlaridan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan muhim muammolarni hal qilishga yordam beradi”, — deydi hisobot mualliflari. Uni tayyorlash uchun turli xil va bir-birini to‘ldiruvchi ma’lumotlarning keng to‘plami axborot yig‘ishning ham sifat, ham miqdoriy usullaridan foydalangan holda to‘plangan va tahlil qilingan.
Tadqiqotda bolalar va o‘smirlarning huquqlarini amalga oshirish va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi asosiy omillar, imkoniyatlar va to‘siqlar o‘rtasidagi sabab-oqibat aloqalari ko‘rib chiqiladi, shuningdek, mavjud kamchiliklar va tengsizliklar haqida tushuncha beriladi. Tahlil bolalar hayotiga ta’sir qiluvchi mintaqaviy va global muammolarni e’tirof etgan holda mamlakatdagi vaziyatni aks ettiradi.
Mualliflar mamlakatda bolalar huquqlariga rioya etilishini samarali nazorat qilishga to‘sqinlik qilayotgan “ma'lumotlar va faktlar bilan bog‘liq sezilarli bo‘shliqlar” mavjudligi, bunga, ayniqsa, ajratib olingan ma’lumotlar va real vaqt rejimida olingan ma’lumotlarning yo‘qligi sabab bo‘layotganini afsus bilan qayd etadi. Bola huquqlarini monitoring qilish tizimi tegishli ko‘rsatkichlarning 68,1 foizini qamrab oladi, biroq ushbu ma’lumotlarning atigi 15 foizi 2023-yilga taalluqli.
Hisobot “Salomatlik va ovqatlanish”, “Ta'lim, dam olish va madaniyat”, “Oilaviy muhit hamda zo‘ravonlik va zararli amaliyotlardan himoya qilish”, “Ishtirok va fuqarolik huquqlari”, “Kambag‘allik va munosib turmush darajasi”, shuningdek, “Sektorlararo masalalar” kabi bo‘limlarga bo‘lingan. Yakunda qator yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiyalar beriladi. “Gazeta.uz” vaziyat tahlilining qisqacha sharhini taqdim etadi (to‘liq hujjat PDF shaklida mavjud).
O‘zbekistonda 2024-yil boshida 0−17 yoshdagi bolalar soni. Kattalashtirish uchun bosing.
Salomatlik va ovqatlanish
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan umumiy qamrov indeksi (JSSTga ko‘ra) 2000-yildan buyon 20 punktga oshib, 2021-yilda 75 ballga yetdi (dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 68 ball). Bu bolalar va onalar uchun birlamchi tibbiy yordamning qulayligi va sifati yaxshilanayotganidan darak beradi.
2021-yilda davlat tibbiy sug‘urtasi dasturi ishga tushirildi (to‘liq joriy etilishi 2024-yildan boshlandi). Undan ko‘zlangan maqsad — kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligini 2023-yildagi 74 yoshdan 2030-yilga kelib 78 yoshgacha oshirish.
2022-yilda mamlakatda 46 ta tumanlararo perinatal markaz ochildi. Bu onalar va chaqaloqlar parvarishini yaxshilash, shuningdek, tug‘ruqdagi asoratlar bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yordam berdi. Tug‘ruqdan oldingi davrda parvarish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 98 foizga yetdi.
Odam papillomasi virusiga (OPV) qarshi emlash Milliy immunizatsiya dasturiga kiritildi. 2019-yilda birinchi doza bilan 12−14 yoshli qizlarning 94 foizini qamrab olishga erishildi. Muvaffaqiyatli emlash kampaniyasi 2021 va 2022-yillarda bolalar orasida qizamiq tarqalishini ham to‘xtatdi.
Ayni paytda, mamlakatda emlash darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, 9000 ga yaqin bola zarur emlashni olmagan.
To‘yib ovqatlanmaslik darajasining pasayishi yana bir muhim yutuq bo‘ldi. 2023-yilda butun mamlakat bo‘ylab boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash uchun budjetdan 2,3 trln so‘m ajratildi.
5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘sishning kechikishi 2012-yildagi 13,2 foizdan 2022-yilda 6,9 foizgacha kamaydi. Bolalar orasida ozg‘inlikning tarqalganlik darajasi atigi 2,4 foizni tashkil etmoqda.
Sohada nimalarni takomillashtirish zarur?
2020−2024-yillarda sog‘liqni saqlash tizimiga budjet xarajatlari.
Sog‘liqni saqlash tizimi bir qator muammolarga duch kelishda davom etyapti. Moliyalashtirishning yetishmasligi jiddiy muammoligicha qolmoqda — sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishni 2030-yilga qadar ikki baravar oshirish rejalariga qaramay, sog‘liqni saqlashga yo‘naltiriladigan mablag‘larning davlat budjetidagi ulushi 2020-yildagi 13,5 foizdan 2024-yilda 10,7 foizgacha qisqardi. Tibbiy xizmatlar xarajatlarining 60 foizdan ortig‘i aholining shaxsiy mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda.
Bundan tashqari, tibbiy yordamdan foydalanishda, ayniqsa, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan zaif guruhlar орасида sezilarli tengsizlik mavjud.
Neonatal o‘lim darajasi haligacha xavotirli: 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘lim holatlarining 57 foizi hayotning dastlabki 28 kuniga to‘g‘ri keladi, bu esa tibbiy aralashuvni yaxshilash zarurligini ko‘rsatadi.
Ko‘krak suti bilan oziqlantirishning afzalliklari haqida xabardorlikni oshirish kampaniyalariga qaramay, faqat ko‘krak suti bilan oziqlantirish ko‘rsatkichi 2017-yildan beri 25 foizga pasaydi.
Foto: UNICE.
Ruhiy salomatlik sohasidagi muammolar tashvish uyg‘otmoqda. Bolalar orasida (100 ming kishiga nisbatan) ruhiy kasalliklarning yangi holatlarining avj olishi kuzatilmoqda. Ruhiy kasalliklarga chalingan bolalarning umumiy soni 2019-yildagi 79 mingdan 2022-yilda 81 ming nafarga yetdi.
Yo‘l harakati xavfsizligi alohida e’tiborni talab qiladi, chunki bolalar va o‘smirlar orasida yo‘l-transport hodisalari (YTH) qurbonlari soni yuqoriligicha qolmoqda. YTH O‘zbekistonda o‘limning beshta asosiy sabablari qatoriga kiradi, 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan shaxslar o‘limining asosiy sababi va o‘smirlar orasida o‘limning ikkinchi asosiy sababi hisoblanadi.
2019-yildan 2022-yilgacha YTHlarda jarohatlanish holatlari 21 foizga, o‘lim bilan tugash holatlari esa 14 foizga oshgan. 0−16 yoshli bolalar orasida YTH natijasida olingan jarohatlardan vafot etganlar soni 52 foizga ko‘paygan.
Maktablar va tibbiyot muassasalarining suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena infratuzilmasi qo‘shimcha investitsiyalarga muhtoj.
Sirdaryo viloyatidagi qishloq maktablaridan birining hojatxonasi. Foto: “Gazeta.uz”.
Ta’lim, dam olish va madaniyat
O‘zbekiston ta’lim infratuzilmasiga faol investitsiya kiritmoqda. Mamlakatda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2026-yilga qadar 370 dan ortiq yangi maktab qurish, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida 620 ming o‘rin, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
2020-yilda qabul qilingan “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonun 11 yillik bepul ta’limni kafolatlaydi va nogironligi bo‘lgan bolalarning oddiy maktablarga integratsiyalashuviga imkon yaratadi.
Boshlang‘ich ta’lim bilan qamrov darajasi 2021−2022-yillarda 99 foizga yetdi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi sezilarli darajada oshdi: 2017-yilda 30 foizdan past bo‘lgan ko‘rsatkich 2024-yilga kelib 73 foizdan oshdi — bu deyarli 2 million bola degani.
Sohada nimalar takomillashtirilishi zarur?
Hisobotda ta’lim sohasida siyosatni rejalashtirish salohiyati cheklanganligi qayd etilgan: natijaga yo‘naltirilgan ta’limni moliyalashtirishning yetarli darajada emasligi ta’lim islohotlarini samarali va unumli amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnash bo‘yicha sezilarli darajada hududlararo tafovutlar saqlanib qolmoqda. Qamrov darajasi Toshkent shahrida 71,9 foizdan Qashqadaryo viloyatida 47,7 foizgacha keskin farq qiladi.
Raqamli ta’lim jadal rivojlanmoqda: maktablarning 94 foizi internetga ulangan, 47 foizi ta’lim maqsadlarida kompyuterlar bilan jihozlangan. Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sinflari uchun standartlar zamonaviy talablarga javob bermaydi, bu esa raqamli ta’lim olish imkoniyatini cheklaydi va STEM yo‘nalishlarida o‘zlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun haqiqiy inklyuziv ta’lim amaliyotini joriy etishda qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Bular infratuzilma, o‘quv materiallari va o‘qituvchilar salohiyati bilan bog‘liq.
Ta’lim sifati xavotir uyg‘otadi: 2022-yilda o‘tkazilgan o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi tahlili natijalari O‘zbekiston asosiy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘rtacha darajadan past ekanligini ko‘rsatdi.
O‘zbekistondagi asosiy maktab fanlari bo‘yicha PISA natijalari.
Shuningdek, o‘qituvchilar orasida malaka va o‘qitish sifati yetarli darajada emasligi qayd etilgan: eskirgan tayyorgarlik dasturlari va amaliyot o‘tash uchun samarali imkoniyatlarning yo‘qligi o‘qitishning yakuniy natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oila muhiti hamda zo‘ravonlik va zararli amaliyotlardan himoya qilish
2023-yil aprel oyida Jinoyat kodeksiga oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat sifatida belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi, joriy yilning avgust oyida esa Senat “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi (hali prezident tomonidan imzolanmagan).
Bolalarni himoya qilishda tuzilmaviy yondashuvni joriy qilinishi 2023-yilda Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi bilan bog‘liq. Tashkilot 4800 nafar ijtimoiy xodim, ijtimoiy masalalar bo‘yicha 2352 nafar yordamchi va tumanlardagi “Inson” markazlarining 1866 nafar xodimlarini ishga qabul qildi, bu esa bolalarni himoya qilish sohasida xizmatlar sifatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
So‘nggi ikki yilda 23 ta internat yopildi, natijada 2448 nafar bola oilalar tarbiyasiga o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan bolalarning 79 foizi hamon internatlarda qolmoqda, bu esa oilani qo‘llab-quvvatlash va qayta integratsiya xizmatlari yetarli darajada rivojlanmaganligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston paxta sohasida tizimli bolalar mehnatiga barham berdi va bu boradagi sa’y-harakatlari uchun xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘ldi. 2022-yil oktabr oyida qabul qilingan Mehnat kodeksi bolalar mehnatiga nisbatan yanada qat’iy cheklovlarni joriy etib, uni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirdi.
Sohada nimalar takomillashtirilishi zarur?
Rasmiy idoralararo hamkorlik va ma’lumotlarni yig‘ishning kompleks mexanizmlari mavjud emasligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini monitoring qilish va unga qarshi kurashishni qiyinlashtirmoqda.
Qonun bilan ziddiyatga uchragan bolalar va o‘smirlar tizimli muammolarga duch kelmoqda: odil sudlov sohasida ixtisoslashgan organlar va mutaxassislarning yetishmasligi bolalar manfaatlarini hisobga oluvchi tartib-qoidalarni joriy etishga to‘sqinlik qilmoqda hamda qonun bilan ziddiyatga uchragan bolalarning o‘ziga xos ehtiyojlarini hisobga olishga imkon bermayapti.
Bolalar orasida jinoyatchilik darajasining o‘sishiga sabab bo‘luvchi omillarni tushunish uchun sifatli ma’lumotlar yetarli emas.
Mamlakatda erta yoshdagi nikohlar, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari davom etmoqda.
Paxta sohasida bolalar mehnatidan voz kechilganiga qaramay, 5−17 yoshdagi bolalarning 21 foizi boshqa tarmoqlar va norasmiy bandlikka jalb qilingan.
Ishtirok va fuqarolik huquqlari
2018-yilda barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ro‘yxatga olishni ta’minlaydigan tuzatishlar kiritildi. O‘tgan yildan boshlab ota-onalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani bepul olishlari mumkin bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi ro‘yxatga olingan.
2019-yilda o‘smirlarga o‘z fikrini bildirish va siyosiy qarorlarga ta’sir o‘tkazish imkonini beruvchi Yoshlar parlamenti tashkil etildi.
O‘zbekistonda erkin fikr bildirish mavzusida bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma.
Sohada nimalar takomillashtirilishi zarur?
2020-yilda qabul qilingan “Fuqarolik to‘g‘risida"gi qonun ko‘plab fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘laqonli fuqarolik olish imkonini berdi. Biroq tizimli yondashuv va ishonchli ma’lumotlarning yo‘qligi tufayli ba’zi fuqaroligi bo‘lmagan bolalar va qochqinlar huquqiy maqom olishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.
Farzandlikka olish sirini himoya qiluvchi qonunchilik bolalarga biologik ota-onalari haqida ma’lumot olishga to‘sqinlik qiladi, bu esa ularda hissiy va ruhiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Itoatkorlikka yo‘naltirilgan madaniy me’yorlar, ayniqsa, mahalliy darajada bolalar va o‘smirlarning faol ishtirokiga to‘sqinlik qilmoqda.
Ayniqsa qishloq joylardagi qizlar va bolalar o‘rtasida AKTdan foydalanishda tengsizlik saqlanib qolmoqda, bu esa raqamli farqni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar zarurligini ko‘rsatadi.
Kambag‘allik va munosib turmush darajasi
2022-yilda O‘zbekiston aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining qabul qilinishi muhim yutuq bo‘ldi. Strategiya sohadagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Ijtimoiy yordam dasturlari bilan barcha ehtiyojmand oilalar va shaxslarni qamrab olish, nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish, aholiga bevosita mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini joriy etish va boshqalar shular jumlasidan.
Ijtimoiy himoya yagona reyestri 2023-yilda 336 ming kam ta’minlangan oilani qamrab oldi.
Bolalar kambag‘alligi sezilarli darajada — 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizgacha tushdi. Kambag‘allikda yashayotgan bolalar soni 860 mingga kamaydi.
O‘zbekiston hududlari bo‘yicha bolalar kambag‘alligi darajasi.
Sohada nimalar takomillashtirilishi zarur?
Shunga qaramay, tizim hali ham bir qator muammolarga duch kelmoqda. Shikoyatlarni ko‘rib chiqishning maxsus mexanizmi mavjud emasligi va budjet imkoniyatlarining cheklanganligi ijtimoiy himoyaning kengayishini sekinlashtirmoqda.
Bu bolalar nafaqalari misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. 2023-yilda hukumat ijtimoiy himoya uchun 19,2 trillion so‘m (umumiy budjetning 6,8 foizi) ajratgan. Shundan 12,3 trillion so‘mi bolalar nafaqasi va moddiy yordamga yo‘naltirilgan. Shunga qaramay, 2024-yilning birinchi choragida bolalar nafaqasini oluvchi bolalar soni 4,8 milliondan 3,1 milliongacha qisqardi.
Ijtimoiy himoya tizimi inqirozlarga yetarlicha tayyor emas. Standart operatsion jarayonlarning yo‘qligi koronavirus pandemiyasi davrida yordam ko‘rsatishning kechikishiga olib keldi, bu esa favqulodda vaziyatlarda chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Kambag‘allik va asosiy xizmatlardan foydalanishda, ayniqsa, qishloq joylarda, hududlararo farqlar saqlanib qolmoqda. Masalan, uy xo‘jaliklarining 26 foizi va maktablarning 13 foizi yetarli darajada suv ta’minotiga ega emas. Qishloq maktablarining atigi 71 foizi, ayni paytda shahar maktablarining 83 foizi asosiy suv xizmatlariga ega.
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Sektorlararo masalalar
Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyati kengaydi: oliy ta’lim muassasalari soni 2019-yildagi 108 tadan 2022-yilda 199 taga yetdi. Natijada oliy ta’lim bilan qamrov 2019-yildagi 20 foizdan 2021-yilda 28 foizga ko‘tarildi.
Mamlakat 2021-yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi va Milliy harakatlar rejasini qabul qildi. Bu nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlari va integratsiyasini yaxshilashga bo‘lgan intilishdan dalolat beradi.
Iqlim masalalari bo‘yicha ta’lim maktab dasturiga kiritildi, bu bolalarning barqaror rivojlanish sohasidagi bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.
Sohada nimalar takomillashtirilishi zarur?
O‘smir qizlarga ta’sir ko‘rsatadigan gender tengsizligi ta’lim olish va ishga joylashish imkoniyatlariga to‘sqinlik qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 142,3 ming nafar 18 yoshgacha bo‘lgan bola nogironlikka ega. Biroq erta aniqlash tizimlarining nomukammalligi va madaniy stigma tufayli ma’lumotlar kamaytirib ko‘rsatilganligi ehtimoli yuqori. Bu esa nogironligi bo‘lgan ko‘plab bolalar zarur yordamdan mahrum ekanligini anglatadi va ularning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va inklyuzivlik huquqlarini cheklaydi.
Ushbu sohadagi siyosatning tarqoqligi hamda erta aniqlash va aralashuv tizimining zaif ekanligi tufayli bolalarni erta yoshda rivojlantirishning kompleks dasturlari mavjud emas.
O‘zbekistonda bolalar orasida nafas olish a’zolari kasalliklarining ko‘payishi havo ifloslanishining yuqori darajasi bilan bog‘liq.
Iqlim o‘zgarishi — ayniqsa, haroratning ko‘tarilishi va suv tanqisligi tufayli — bolalar uchun katta xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatda bolalarning 91 foizi anomal issiq havo davrlari ta’siridan aziyat chekmoqda.
Tavsiyalar
Hisobot O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlarning huquqlarini yaxshilash va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi:
Sog‘liq va farovonlikka bo‘lgan huquqlarni to‘liq amalga oshirish uchun ovqatlanish va tibbiy xizmatlardan foydalanishni yaxshilash, ko‘krak suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash zarur. Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, sog‘liqni saqlashga davlat xarajatlarini ko‘paytirish va reproduktiv salomatlikka e’tibor qaratgan holda o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish strategiyasini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Mahalliy tashkilotlar va diniy muassasalar vositasida erkaklar va ayollarning salomatlik borasidagi bilimlarini kengaytirish lozim.
Ta’lim, dam olish va madaniyatga bo‘lgan huquqlarni samarali amalga oshirish uchun ta’lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, yangi maktablar qurish va mavjudlarini qayta ta’mirlashga katta investitsiya sarflash talab etiladi. Umumta’lim muassasalarini isitish, yoritish va suv ta’minoti tizimlari bilan jihozlash; nogironligi bo‘lgan bolalarning o‘zlashtirishini yaxshilash maqsadida inklyuziv ta’limga investitsiyalar hajmini oshirish muhim. Bu aniq standartlarni joriy etish va o‘qituvchilarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish darajasi past hududlarda sifatli maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish lozim. Ta’lim jarayonida o‘qituvchilik kasbining o‘rni va ahamiyatini qayta ko‘rib chiqish zarur: ishlash uchun rag‘bat, ayniqsa AKT va STEM yo‘nalishlarida malaka oshirish imkoniyatlarini yaratish kerak.
Oilaviy muhitga ega bo‘lish hamda zo‘ravonlik va zararli odatlardan himoyalanish huquqlarini samarali amalga oshirish uchun “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun imzolanib, kuchga kirgach, uning talablari bajarilishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Ijtimoiy xizmat xodimlariga investitsiya kiritish, odil sudlov tizimini bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda takomillashtirish, salbiy ijtimoiy me’yorlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish zarur.
Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish sharoitlarini yaxshilash uchun Bola huquqlari qo‘mitasining ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish bo‘yicha 2020-yildagi “Fuqarolik to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq tavsiyalarini bajarish, shuningdek, qochqinlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar maqomi to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish lozim. Bolalarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish zarur. Bundan tashqari, davlat organlari hamda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun platformalar yaratish, o‘quvchilarning huquqlarini kengaytirish va raqamli muhitda bolalarning shaxsiy hayotini himoya qilish maqsadida maktablarda o‘quvchilar kengashlarini tashkil etish zarur.
Bolalar kambag‘alligi muammosini hal etish va munosib turmush darajasini ta’minlash uchun kompleks yondashuv talab etiladi. Bu kam ta’minlangan oilalarga beriladigan bolalar nafaqalari qamrovini kengaytirish va zaif guruhlar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ijtimoiy yordam dasturlarini yaratishni nazarda tutadi. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari kabi ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar yuqori bo‘lgan hududlar uchun strategiyalar ishlab chiqish hamda ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish va rad etilgan arizalar ustidan shikoyat qilish mexanizmlarini yaratish uchun standart operatsion tartib-taomillarni joriy etish zarur.