Siyosat
Atom energiyasi agentligining asosiy vazifalari belgilandi
Hukumat qarori bilan Atom energiyasi agentligining vazifalari belgilandi. Idora atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Usmon Sharifxo‘jayev o‘rniga maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Sherzod Karimov tayinlandi. Bungacha u Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va ma’naviyat masalalari departamentida ishlagan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning 2025-yil uchun davlat budjeti loyihasi taqdim etildi. Asosiy ma’lumotlar
2025-yil uchun davlat budjeti loyihasi taqdim etildi. Kelasi yilda YAIM o‘sishi 6 foiz bo‘lishi, inflyatsiya 7 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasi YAIMga nisbatan 3 foiz (49,3 trln so‘m) bo‘lishi, tashqi qarz limiti esa 5,5 mlrd dollargacha oshirilishi taklif qilinmoqda.
Darsliklar ijarasi uchun to‘lovni qayta joriy etish rejalashtirilmoqda
Budjetnoma loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni qaytarish rejalashtirilmoqda (2022-yilda bekor qilingandi). 2−11-sinf o‘quvchilari uchun to‘lov har bir to‘plam uchun 80 ming so‘mni tashkil qilishi mumkin. Bu budjetga yuklamani taxminan 376 mlrd so‘mga kamaytirishi kutilmoqda.
2025-yilgi budjet loyihasi: Qaysi vazirlik va idoraga qancha mablag‘ yo‘naltiriladi?
2025-yil uchun davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, 18 ta vazirlikka jami 195 trln so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda (Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklaridan tashqari). Har bir vazirlik va boshqa davlat idoralariga qancha mablag‘ ajratilishi haqida ma’lumotlar.
Aksiz solig‘ini gazsiz shirin ichimliklarga ham joriy etish taklif etilmoqda
O‘zbekistonda aksiz solig‘ini tarkibida shakar bo‘lgan barcha gazsiz ichimliklar, jumladan, shirin choylar, meva sharbatlari va kompotlarga ham joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shirinlashtiruvchi va xushbo‘ylashtiruvchisi bo‘lgan boshqa gazli ichimliklar uchun stavkani kamaytirish taklif etilmoqda.
IFC O‘zbekistonda ACWA Power tomonidan yashil energetika obyektlari qurilishini qarz bilan qo‘llab-quvvatladi
Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekistondagi ACWA Power loyihalari, jumladan, 1 GVt quvvatga ega FES, 668 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi va 500 km uzunlikdagi yuqori voltli elektr uzatish liniyalari qurilishi uchun 240 mln dollar oraliq krediti ajratdi.
Onlayn do‘konlarning mijozlari foydasiga 100 mln so‘mlik mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi — Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi onlayn do‘konlardan mijozlarga 100 mln so‘mga yaqin mablag‘ni qayta hisob-kitob qilinishi va 9,3 mln so‘mlik tovarlar almashtirib berilishini ta’minladi. Qo‘mita ularning oferta shartlarini tahlil qilib, qonun buzilish holatlarini aniqladi, ularni qonunchilikka moslashtirilishini ta’minladi.
Jamiyat
Farg‘ona viloyatidagi avtobuslarda yo‘l haqi 3000 so‘m etib belgilandi
Farg‘ona viloyati hokimi qarori bilan viloyatdagi jamoat transportidan foydalanganlik uchun bir martalik to‘lov 3000 so‘m etib belgilandi. Agar yo‘l haqi kartadan to‘lansa, 2400 so‘m bo‘ladi.
O‘zbekiston jamoasi TechWomen dasturida g‘alaba qozondi
O‘zbekiston jamoasi ijtimoiy loyiha ustida ishlash doirasida TechWomen dasturida g‘alaba qozondi. Bu 9 yillik ishtirok davomidagi ilk g‘alaba hisoblanadi.
Endi yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinalari haydovchilari jarimaga tortiladi
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda yo‘lning chetki chap qismida harakatlangan yuk mashinalari haydovchilari jarimaga tortiladi. 2022-yil 1-maydan yuk mashinalariga yo‘lning chap tomonidan harakatlanishi taqiqlangan, ammo jarima ko‘zda tutilmagandi.
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi eskizini ishlab chiqish uchun tanlov e’lon qilindi
Tashkent invest kompaniyasi poytaxtga to‘rtta kirish darvozasining eskiz loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov e’lon qildi. Arizalar 7-noyabrgacha qabul qilinadi. Qurilish ishlari 2024-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Saylovda bir kishiga bir necha byulleten bergan saylov komissiyasi a’zosi jarimaga tortildi
O‘zbekistonda 27-oktabr kuni o‘tgan deputatlik saylovlarida bir kishiga bir qancha byulleten bergan Dang‘ara tumanidagi 541-saylov uchastkasi saylov komissiyasi a’zosi sudlandi. Sud unga 375 ming so‘m jarima jazosini tayinladi.
“HET” chiqindi xizmatidan qarzi borlar elektr ta’minotidan uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi
“HET” 1-noyabrdan chiqindi xizmatidan qarzi borlarning elektr energiyasi uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Ushbu sanadan boshlab chiqindi xizmatidan 3 oylik qarzi bo‘lgan shaxslarga “svet” uchun to‘lovlar qabul qilinmasligi rejalashtirilgandi. Biroq, buning uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish zarur.
Toshkentda skuter va Tracker to‘qnashdi, skuter haydovchisi jarohatlandi
Yashnobod tumanida Tracker va skuter ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. To‘qnashuv oqibatida skuter haydovchisi jarohatlandi.
O‘zbekistonda Yaponiya bilan hamkorlikda xalqaro universitet ochiladi
O‘zbekistonda Yaponiyaning Sukuba universiteti ko‘magida yangi xalqaro universitet ochilishi mumkin. Universitet rektori Nagata Kyosuke vazirliklar rahbarlari bilan uchrashuvda yangi universitet uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va o‘qitishga yangi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Jahon
Ukraina va Rossiya energoinshootlarga hujumlarni to‘xtatishni muhokama qilmoqda — FT
Ukraina va Rossiya bir-birining energetika obyektlariga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha “dastlabki muzokaralar"ni boshladi. Qatar mamlakatlar o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi, deb yozmoqda Financial Times.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!