Markaziy saylov komissiyasining 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 27-oktabr kuni o‘tkazilgan saylovda saylangan 150 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ro‘yxatga olindi. Deputatlarning 75 nafari bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari partiya ro‘yxatlari bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylandi (saylov birinchi marta aralash tizimda o‘tkazildi).
Qonunchilik palatasi
Avval xabar qilinganidek, yagona saylov okrugi bo‘yicha parlament quyi palatasiga o‘tdi:
- Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan — 26 deputat;
- “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan — 14;
- Xalq demokratik partiyasidan — 13;
- “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan — 12;
- Ekologik partiyadan — 10.
Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylandi:
- O‘zLiDePdan — 38 deputat;
- “Milliy tiklanish"dan — 15;
- “Adolat"dan — 9;
- O‘zXDPdan — 7;
- Ekopartiyadan — 6.
Shu tariqa barcha 150 deputat ichida partiyalarda shunchadan o‘rin bor:
- O‘zLiDeP — 64 deputat (42,7%);
- “Milliy tiklanish” — 29 (19,3%);
- “Adolat” — 21 (14%);
- O‘zXDP — 20 (13,3%);
- Ekologik partiya — 16 (10,7%).
“Saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi”, — deyiladi MSK xabarida.
Saylangan deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etdi va bu O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Yoshi bo‘yicha deputatlarning 2 nafari 30 yoshdan kichik, 38,6 foizi — 30 dan 45 yoshgacha, 46,6 foizi — 45 dan 60 yoshgacha, 13,3 foizi — 60 yoshdan oshganlar.
Deputatlarning 12,7 foizi mamlakatda istiqomat qiluvchi boshqa millat vakillari: 5 nafar rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafar koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz.
Deputatlarning barchasi oliy ma’lumotga ega bo‘lib, ularning 15 foizi xorijiy mamlakatlarda tahsil olgan. Ularning 30 foizi iqtisodchi, 22 foizi — huquqshunos, 18,7 foizi — pedagog, 12 foizi — muhandis, 9,3 foizi — tibbiyot sohasi vakillari, 8 foizi — madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar.
Deputatlarning 35 foizi ilmiy darajaga ega.
Ilk bor 3 nafar nogironligi bor shaxs deputat etib saylandi.
Mahalliy kengashlar
Hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ham mahalliy kengashlar saylovlarining yakunlari chiqarildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri va tuman-shaharlar kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, mahalliy kengashlar tarkibi 59,2 foizga yangilandi.
Yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizini ayollar tashkil etadi.
Deputatlarning 4 foizi — 30 yoshgacha, 39,5 foizi — 30 yoshdan 45 yoshgacha, 40,8 foizi — 45 yoshdan 60 yoshgacha, 15,7 foizi — 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.
Nomzodlarning 11,2 foizi boshqa millat vakillari: 175 nafar tojik, 111 nafar qozoq, 33 nafar turkman, 29 nafar rus, 21 nafar qirg‘iz va boshqa millat vakillari.
Deputatlarning 93,3 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 36,2 foizi — pedagoglar, 18,2 foizi — iqtisodchilar, 13 foizi — muhandislar, 7,6 foizi — shifokorlar, 5 foizi — huquqshunoslar, 20 foizi — madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar.
Nomzodlarning 4,4 foizi ilmiy darajaga ega (amalda — 2,9 foiz).
138 nafar nogironligi bor shaxs mahalliy kengashlar deputati etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, saylovda umumiy saylovchilarning 74,72 foizi yoki 19,9 milliondan ortiq saylovchilardan 15,027 million nafari ovoz berdi.
“Gazeta.uz” parlament quyi palatasiga saylangan deputatlar kimlar ekani haqida keyinroq ma’lumot beradi.