Oktabr oyida Markaziy bank tomonidan belgilangan AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 0,46 foizga yoki deyarli 59 so‘mga — 12 715,42 so‘mdan 12 774,34 so‘mga oshdi. Bu haqda “Gazeta.uz” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Oktabrda Toshkent valyuta birjasidagi savdolar hajmi sentabrga nisbatan 12,2 foiz oshdi — 3,02 milliarddan 3,39 milliard dollargacha.
Agar sentabr oyi oxirida banklar dollarni 12655−12700 so‘m oralig‘ida sotib olib, aholiga 12720−12775 so‘mdan sotgan bo‘lsa, oktabr oyi oxirida xarid kursi 12715−12760 so‘mni, sotish kursi esa — 127780−12835 so‘mni tashkil qildi.
Avgust oyida milliy valyuta 0,67 foizga (+83,97 so‘m), sentabrda esa — 90 so‘mga (+0,71 foiz) devalvatsiyaga uchradi. Shu bilan birga, iyulda so‘m dollarga nisbatan 0,11 foizga (-14,12 so‘m), iyunda esa — 0,51 foizga (-64,67 so‘m) mustahkamlandi.
Eslatib o‘tamiz, uchinchi chorakda (iyul-sentabr) Markaziy bank mahalliy ishlab chiqaruvchilardan oltin sotib olish narxini 12 foizga oshirgandi. Shu bilan birga, valyuta intervensiyalarining sof hajmi qariyb 3 baravar — 20,3 trillion so‘mdan 6,9 trillion so‘mga qisqardi.
“Intervensiyalar hajmining nisbatan pastligi iqtisodiyotga mavsumiy ahamiyatga ega bo‘lgan xorijiy valyutaning yuqori oqimi sharoitida ichki valyuta bozorida yetarli taklifning shakllangani bilan izohlanadi”, — ta’kidladi regulyator.
2023-yil oktabr oyida AQSh valyutasi kursi 0,36 foiz (+44,16 so‘m), o‘tgan yilning yanvar-oktabr oylarida esa 8,8 foizlik (+993,77 so‘m) o‘sish ko‘rsatgandi.
10 oy yakuniga ko‘ra so‘m atigi 3,5 foizga — 12338,77 so‘mdan 12774,34 so‘mga (+435,57 so‘m) qadrsizlandi. Taqqoslash uchun: 2023-yilning shu davrida devalvatsiya 8,4 foizni (-949,61 so‘m) tashkil qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev O‘zbekiston milliy valyutasi devalvatsiyasi sabablarini tahlil qilgan edi.