So‘nggi yillarda turizm sohasi faol ravishda o‘zgarmoqda. Pandemiya bilan bog‘liq karantin cheklovlari, uning ortidan mehmonxonalar va aviachiptalar narxining o‘sishi sayohatni tobora qimmat ko‘ngilxushlikka aylantiryapti. Bu paradoksal tarzda butun dunyo bo‘ylab sayyohlar sonining ortishi va “me'yoridan ortiq turizm” bilan uyg‘unlashmoqda: Butunjahon turizm va sayohatlar kengashining prognoziga ko‘ra, 2024-yilda dunyoning aksariyat mamlakatlariga rekord darajada ko‘p sayyoh tashrif buyuradi. Turizmning o‘zi esa global iqtisodiyotda eng tez o‘sayotgan tarmoq bo‘lib turibdi.
Pandemiyadan keyingi davrda sohaning bunday tez o‘sishini mutaxassislar qisman odamlar izolyatsiya paytida boy berilgan imkoniyatlarning o‘rnini qoplashga intilayotgani bilan izohlayapti. Bu hodisa hatto “badal turizm” deb nom oldi.
Ushbu tendensiya turistlarning sayohatnomalarda ko‘rsatilgan mashhur joylardan qochishiga, mavsumdan tashqari vaqtlarda sayohat qilishiga hamda olomonsiz va navbatlarsiz noyob tajribaga ega bo‘lish uchun mashhur shaharlarning muqobilini izlashiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, hayotning jadal sur’ati, ko‘p miqdordagi axborot, gadjetlar va ijtimoiy tarmoqlar aloqa vositalari bo‘lmagan joylarga borish istagini uyg‘otmoqda. Odamlar shunchaki diqqatga sazovor joylarga ekskursiya uchun navbatda turishni emas, balki sayohat davomida mahalliy aholining tabiati va madaniyati bilan tanishishni xohlayapti.
Foto: Dilyaver Ablyakimov / “Gazeta.uz”.
2024-yil fevral oyida “Yandeks” foydalanuvchilari “eng yaqin qo‘riqxona"ni izlab 5000 ta so‘rov yuborgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 44 foiz ko‘p. Ekoturizm sohasi ham o‘sib boryapti. 2023-yilda Rossiyada federal ahamiyatga ega bo‘lgan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga (METH) 14,5 mln kishi kelgan. Bu 2022-yilga nisbatan 500 ming nafarga ko‘p. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023−2028-yillarda ekoturizm bozorining o‘rtacha yillik yalpi o‘sish sur’ati 16,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Ekoturizm bo‘yicha yangi rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri, bu — O‘zbekiston. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 4,2 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularning oqimi 2023-yilga nisbatan 15,3 foizga oshgan.
Hududlarni obodonlashtirish, boshqarish va strategik rivojlantirishga ixtisoslashgan Atlas xalqaro konsalting kompaniyasi o‘z tadqiqotida ekoturizmning haqiqatda ekologik toza va mas’uliyatli bo‘lishi mumkin yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida ekoturizm tushunchasini tahlil qiladi, ekolokatsiyalarni tashkil etish tendensiyalari va jahon tajribasini o‘rganadi, O‘zbekistonning ekoturistik salohiyatini tadqiq etadi.
Ekoturizm nima?
Ekoturizm qat’iy tabiat qo‘yniga sayohat qilishni nazarda tutadi. Bunday tajribadan asosiy maqsad — tabiatdan bahra olish.
Xalqaro ekoturizm jamiyati — The International Ecoturism Society (TIES) butun dunyo bo‘ylab ekoturizmni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot bo‘lib, uning ta’rifiga ko‘ra, ekoturizm — bu “tabiat qo‘yniga mas’uliyatli sayohat bo‘lib, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, mahalliy aholining farovonligini qo‘llab-quvvatlash va yangi tajribalarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi”.
Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi axlat uyumi. Foto: Yevgeniya Mo‘minova.
TIES tamoyillariga ko‘ra, quyidagi hollarda sayohatlar ekoturizm hisoblanadi:
- belgilangan joyda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida insonning hududga ta’siri kuzatib boriladi va tashrif buyuruvchilar oqimi boshqariladi;
- yaratilgan infratuzilma tabiatga minimal ta’sir ko‘rsatadi;
- joylarning egalari “yashil” standartlar va texnologiyalarni joriy etadi;
- tadbirlar mahalliy aholining an’anaviy madaniyatini saqlash va qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Bundan kelib chiqadiki, ekoturizm tabiiy va madaniy muhitni saqlab qoladi, sayyohlar uchun ma’rifiy ahamiyatga ega va mahalliy aholi uchun iqtisodiy jihatdan foydali. Biroq bularning barchasi tashkilotlarning turli barqaror rivojlanish dasturlari va missiyalarida mustahkamlangan tamoyillardir. Ushbu tamoyillar amalda qanday tatbiq etilishini ko‘rib chiqamiz.
Ekoturizmni barqaror rivojlantirish — afsonami yo haqiqat?
Ekoturizmni barqaror rivojlantirish, muayyan qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, real voqelikdir. Bu sohadagi muvaffaqiyat iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy barqarorlik o‘rtasidagi to‘g‘ri muvozanatga bog‘liq.
Iqtisodiy barqarorlik mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi: ekoturizm ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy jamoalarning daromadlarini oshirish orqali iqtisodiyotni rag‘batlantirishi mumkin, ayniqsa chekka va qishloq joylarda. Masalan, MDH davlatlarida BMTTD ko‘magida qishloq xo‘jaligi dehqon va fermerlari, ijtimoiy soha xodimlari, ta’lim muassasalari, muzeylar, tabiiy qo‘riqxonalar vakillari alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga ekologik ekskursiyalarni tayyorlash va tashkil etish xususiyatlari bo‘yicha o‘qitilmoqda.
Foto: BMTTD Belarus.
Ekologik barqarorlik. Qat’iy tartibga solish va rejalashtirish yordamida insonning tabiiy hududlarga salbiy ta’sirini minimallashtirishning imkoni bor. Jumladan, qisman ekoturizm hisobidan moliyalashtiriladigan ekologik toza texnologiyalarni joriy etish orqali. Masalan, ayrim alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda oqova suvlarni nazorat qilish uchun datchiklar o‘rnatiladi.
Ijtimoiy barqarorlik. Ekoturizm nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi, jumladan, bolalar orasida ham ekologik mas’uliyatli xulq-atvorni shakllantirish va tarbiyalashga yordam berishi mumkin. Misol uchun, BMT sayohatlarga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish maqsadida “Inson va biosfera” ta’lim dasturini ishlab chiqdi. Dastur butun dunyo bo‘ylab 25 ta qo‘riqxonada, shu jumladan, Qozog‘istonning ikkita — Olmaota va G‘arbiy Oltoy biosfera qo‘riqxonalarida hamda Rossiyaning “Kologriv o‘rmoni” qo‘riqxonasida amal qilmoqda. Yana bir misol — Avstraliyada mahalliy aholini ekoturizm sohasida ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadigan ikkita davlat agentligi faoliyat yuritadi. Bu esa faqat 2018-yilning o‘zida ekoturizm sohasida 23 ming ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.
Chaqiriqlar va risklarni hisobga olish. To‘g‘ri boshqarilmasa, turistik hududlar me’yoridan ortiqcha gavjumlik muammosiga duch kelishi mumkin. Bunga misol qilib Avstriyadagi xushmanzara ko‘l bo‘yida joylashgan Xallshtatt qishlog‘ini keltirish mumkin. Qishloqda 800 kishi istiqomat qilishiga qaramay, turistik mavsum avjida go‘zal manzaralarni ko‘rishga bu yerga har kuni 10 ming sayyoh keladi. Mahalliy aholi bu oqimni to‘xtatish uchun tog‘lar va ko‘l manzarasi fonida qo‘lbola to‘siqlar qura boshlagan.
Xallshtatt. Foto: Instagram.
Ba’zan turizmga qaramlik holati ham yuzaga keladi, bu esa siyosiy mojarolar yoki tabiiy sharoitlarning o‘zgarishi kabi omillar tufayli iqtisodiyotni zaiflashtirishi mumkin. Ko‘p sayyohlar hozirning o‘zidayoq coolcations — Yevropaning salqin shimoliy mintaqalarida dam olishni ma’qul ko‘rmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Gretsiya kabi janubiy mamlakatlar iqtisodiyotini xavf ostiga qo‘yadi.
Biroq jahon amaliyotida ekoturizmni barqaror rivojlantirish o‘z mevasini bergan holatlar ham mavjud.
Jahon amaliyoti va muvaffaqiyatli misollar
Atlas kompaniyasi dunyo bo‘ylab ekoturizm bo‘yicha maxsus tadqiqot o‘tkazdi. Jamoa ekoturizmni rivojlantirishning to‘rtta asosiy tarkibiy qismini ajratib ko‘rsatdi: tabiat, mahalliy jamoalar, ekologik barqarorlik va ekologik ma’rifat. Bular kompleks yondashuv sharoitida me’yoridan ortiqcha turizmning oldini olish imkonini beradi. Bu to‘rt omilga tabiiy hududlarning boshqaruv modellari va ekologik ma’rifat amaliyoti eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadi.
Boshqaruv modellari
Biz o‘z tadqiqotimizda tabiiy hududlar boshqaruvi bo‘yicha ikkita asosiy yondashuvni ajratib ko‘rsatdik: markazlashmagan va markazlashgan. Ushbu modellarning har biri davlat, davlat jamg‘armalari va milliy bog‘larning boshqaruv organlari, xususiy biznes, jamoat tashkilotlari, mahalliy aholining o‘zaro hamkorligi orqali amalga oshiriladi.
Markazlashmagan modeliga ko‘ra, har bir milliy bog‘ning o‘z boshqaruvi mavjud bo‘lib, u hududni mustaqil ravishda boshqaradi, mahalliy biznes, hokimiyat organlari va mahalliy aholi bilan hamkorlik qiladi. Bunda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rahbariyati davlatga bo‘ysunadi. Bunday yondashuv MDH mamlakatlari, xususan, Rossiya va Qozog‘iston, shuningdek, Yevropa mamlakatlari uchun xos.
Masalan, Norvegiyada har bir milliy bog‘ning o‘z ma’muriyati mavjud, u bog‘ni boshqarish va rivojlantirishga mas’ul. Barcha ma’muriyatlar Norvegiya tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi nazorati ostida faoliyat yuritadi.
Foto: Dilyaver Ablyakimov / “Gazeta.uz”.
MDH davlatlarida, masalan, Qozog‘istonda esa bu model boshqacharoq ishlaydi. U yerda yuqori darajada rejalashtirish — Qozog‘istonning 2023−2029-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi mavjud. Unda ekoturizm bo‘yicha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan:
- ekoturizm subyektlarini ixtiyoriy sertifikatlashni joriy etish;
- sertifikatlangan mehmon uylari reyestri va onlayn bron (band) qilish platformasini yaratish;
- barqaror rivojlanish shakllari va standartlarini ishlab chiqish.
Ushbu chora-tadbirlar natijalarini baholash uchun konsepsiyaga 2029-yilda erishilishi kutilayotgan maqsadli ko‘rsatkichlar va natijalar kiritilgan: turizm sohasida yalpi qo‘shilgan qiymat (YAQQ) hajmini 6,3 trln tengega, turizm sohasida bandlikni esa 800 ming kishiga yetkazish, yashash va ovqatlanish xizmatlariga investitsiyalar hajmini 260 mlrd tengega oshirish.
Bularning barchasi normativ-huquqiy baza — alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish kodeksi va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonun bilan mustahkamlangan. Shuningdek, BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida Qozog‘istonda ekoturizm standarti ishlab chiqilgan (lekin hali joriy etilgani yo‘q). Bunday kompleks yondashuv Qozog‘istonga mintaqada ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha yetakchiga aylanish imkonini berishi mumkin.
Foto: Dilyaver Ablyakimov / “Gazeta.uz”.
Markaziy Osiyodan yana bir misol — O‘zbekiston. O‘zbekistonda 2018-yildan boshlab normativ-huquqiy baza davlat darajasida yangilanmoqda, kirish vizalarini soddalashtirish va turizm sohasi uchun soliq imtiyozlarini joriy etish bo‘yicha tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Pandemiya davrida soha jiddiy zarar ko‘rdi, bu esa sohada rivojlanishning sekinlashuviga olib keldi. Biroq bugunga kelib turizm tiklanyapti va 2024-yilda sayyohlar oqimi pandemiyadan oldingi darajaga qaytishi kutilmoqda.
Boshqaruvning markazlashgan modeli alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va milliy bog‘lar uchun davlat darajasida yagona boshqaruv kompaniyasini tashkil etishni nazarda tutadi. Bunday tashkilotlar bog‘larning rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan qarorlar qabul qilinadigan yagona tizimini ishlab chiqadi. Tashkilot bog‘lardagi barcha manfaatdor tomonlar: biznes, mahalliy jamoalar, jamoat tashkilotlarining xatti-harakatlarini muvofiqlashtiradi. Bunday tuzilmalar ekoturizm sohasida yetakchi bo‘lgan Kanada, AQSh va Avstraliya kabi mamlakatlarda mavjud.
AQShning Yellouston milliy bog‘i. Foto: Instagram.
Biroq model nazariyada qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ekoturizmni boshqarishda shakllangan amaliyot muhim ahamiyatga ega, deya ta’kidlaydi Atlas kompaniyasi loyiha rahbari Darya Kovalenko.
“Rossiyada ekoturizmni rivojlantirish maqsadlari „Ekologiya“ milliy loyihasi doirasidagi federal dastur tomonidan belgilanadi. Asosiy ko‘rsatkichlar — alohida muhofaza etiladigan hududlar soni va maydonini ko‘payishtirish, shuningdek, 2024-yil oxiriga kelib tashrif buyuruvchilar sonini yiliga salkam 8 mln kishigacha oshirish. Lekin buni joylarda qanday amalga oshirish mumkin? Turistlarni jalb qilish va tabiatni asrash o‘rtasidagi muvozanatni qanday saqlash mumkin? Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan kichik biznesni rivojlantirish va glempinglar qurish bo‘yicha ko‘plab uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan, biroq bu tadqiqot ishi, barcha tavsiyalarni joylarda joriy etish uchun esa vositalar zarur. Eng asosiysi, ekologik ma’rifat va „yumshoq“ amaliyotlar e’tibordan chetda qolmoqda, chunki tabiat — bu faqat biznes emas. Ekoturizm barqaror bo‘lishi va mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashi uchun tabiatni ijtimoiy vositalar yordamida asrash muhim ahamiyatga ega”.
Ekologik ma’rifat va ommalashtirish amaliyoti
Ko‘pchilik odamlar tabiat qo‘ynida o‘zini to‘g‘ri tutishni bilmaydi, lekin tabiiy joylarga sayohatdan bahamand bo‘lishni juda xohlaydi. Bunday holda yo‘riqnomalar, uslubiy qo‘llanmalar, barcha kerakli ma’lumotlar bir joyda jamlangan qulay platformalar kerak bo‘ladi. Bular ham oflayn, ham onlayn manbalar bo‘lishi mumkin.
Turistlarga ekologik ta’lim berishga Rossiyaning qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar va buyurtmaxonalardagi ekologik turizmga bag‘ishlangan “Qo‘riqxonaga sayohat” sayti misol bo‘la oladi. Saytda foydalanuvchilar marshrutni tanlab, qo‘riqxona hududiga tashrif buyurish uchun ariza topshirishi mumkin.
Foto: Dilyaver Ablyakimov / “Gazeta.uz”.
Yana bir misol — Norges Nasjonalparker. Bu Norvegiya milliy bog‘lari haqidagi manba bo‘lib, u yerda ekoturistlar noyob marshrutlar va hayking imkoniyatlari bilan tanishishlari mumkin. Loyiha xorijiy sayyohlar uchun ham mo‘ljallangan.
Oflayn axborot manbai — turistik hududga kirishdagi tashrif markazlaridir. Ilgari bunday markazlarning asosiy vazifasi sayyohlarni do‘konlar, kafelar, axborot peshtaxtalari va gidlarni bron qilish kabi xizmatlar bilan ta’minlash edi.
Zamonaviy tashrif markazlari tushunchasi barqarorlikka yo‘naltirilmoqda. Tashrif markazlari ishiga yondashuv o‘zgarmoqda. E’tibor ta’lim, qadriyatlar talqini va tashrif buyuruvchilar tajribasini faollashtirishga qaratilmoqda.
Yellouston milliy bog‘ining tashrif markazi. Rasm: yellowstoneinseder.com.
Masalan, AQShning mashhur Yelloustoun tabiat bog‘ining tashrif markazi mehmonlar hali so‘qmoqqa qadam qo‘ymasidan ularni tabiat olamiga sho‘ng‘itadi. Tashrif buyuruvchilar markaz ichida interaktiv displeylar va ko‘rgazmali vositalar orqali bog‘ning noyob geologiyasi, jumladan, geyzerlar, vulqonlar va boshqa geologik shakllanishlarni o‘rganishlari mumkin.
Ekoturizmning zamonaviy tendensiyalari
Ekoturizm globallashuvning jahon tendensiyalaridan ajralgan holda emas, balki ular bilan birga rivojlanmoqda. Ekoturizmda hozir eng dolzarb bo‘lgan uchta asosiy tendensiya quyidagilardir.
Ekomarshrutlar bo‘ylab sayrlar vaqtida raqamli tajriba
Kanada milliy bog‘larida chiqindixonalardan olinib, qayta ishlangan plastikdan yasalgan qizil stullar ko‘rinishidagi san’at obyektlari o‘rnatilgan. G‘oya shundan iboratki, stullar unchalik ommalashmagan joylarga o‘rnatiladi, bu esa sayyohlarni bog‘larning yo‘nalishlarini to‘liq o‘rganishga undaydi. Bu joylarga yetib borganlar suratga tushib, uni ijtimoiy tarmoqlarda ulashadi va boshqalarni ham shu joyga kelishga rag‘batlantiradi.
Kanadaning Maunt-Revelstok milliy bog‘ida sayyohlar geokeshing — yashirin joylarni qidirish o‘yinini o‘ynaydi. Bog‘da ma’muriyat roziligi bilan va jonivorlarga zarar yetkazmaslik sharti bilan sakkizta yashirin joy tashkil etilgan. Tashrif buyuruvchilarning vazifasi — barcha yashirin joylarni topish.
Kanadaning Kuasuittuk milliy bog‘i. Rasm: Paul Gierszewski / Vikipediya.
Biroq ayrim milliy bog‘lar yanada ilg‘orlashib, marshrutlar bo‘ylab virtual sayohatlarni ishlab chiqqan. Masalan, My Africa — a VR Experience loyihasi Keniyadagi fillar qo‘riqxonasiga dunyoning istalgan nuqtasidan “tashrif buyurish” imkoniyatini taklif etadi. Qozog‘istonda esa virtual sayohatlar mamlakatning beshta alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududida — G‘arbiy Oltoy qo‘riqxonasi, Qatonqarag‘ay, Sayram-Ugom va Tarbag‘atoy milliy bog‘larida, shuningdek, “Ko‘lsoy ko‘llari” milliy bog‘ida joriy etilgan.
Mahalliy aholi — tabiiy hududlarga yo‘lboshlovchi
Ekoturizm hududlarida mahalliy jamoalar nafaqat biznes bilan shug‘ullanadi, balki o‘z madaniyati, an’analari bilan bo‘lishish va tabiat qadriyatlari haqida hikoya qilishda faol ishtirok etadi. Mahalliy aholini jalb qilish dasturlari ko‘plab milliy bog‘larda mavjud.
Sentob etnoqishlog‘i, Navoiy viloyati. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.
Qozog‘istondagi “Ko‘lsoy ko‘llari” milliy bog‘idagi Sati qishlog‘i bunga misol bo‘la oladi. Bu yerda muntazam ravishda aholini o‘qitish, ularni yaqin atrofdagi alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda turizmni tashkil etishga jalb qilish, mahalliy aholi xonadonlarida yangi mehmon uylarini tashkil etish ishlari olib borilyapti. Hozirda Sati bitta qishloqdagi mehmon uylari soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi (90 ta mehmon uyi va 30 ta mehmonxona). 2023-yilda BMT Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Sati qishlog‘ini eng yaxshi turizm qishlog‘i deb tan olgan.
Maliy Turish qishlog‘i. Foto: Instagram.
Rossiyada ham shunga o‘xshash misol bor — Uraldagi Maliy Turish qishlog‘i. Bu yerda doimiy atigi 84 kishi yashaydi. Mahalliy ayollardan biri Go‘zal Sanjapova o‘zi qo‘lda tikkan bo‘yinbog‘larni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qila boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan bu faoliyat yiliga 33 mln rubllik aylanma kapitalga ega ishlab chiqarishga aylangan. Hozir qishloqda sayyohlar tunab qolishiga mo‘ljallangan Ta’lim markazi qurilmoqda. Go‘zalning o‘zi Forbes Women Mercury Awards mukofoti g‘oliblari uchligiga kirdi. Sayyohlar bu yerga nafaqat betakror manzaralarni, balki noyob ishlab chiqarishni ko‘rishga ham kelmoqda.
Joylashish erkinligi
Ekoturizm barcha sayohatchilarning ehtiyojlarini hisobga oladi. Chodir bilan uzoq joylarga borishni afzal ko‘radiganlar uchun Norvegiyada alohida qonun — Allemannsretten qabul qilingan. Bu harakatlanish erkinligi to‘g‘risidagi qonun bo‘lib, ehtiyotkorlik va “iz qoldirmaslik” qoidasiga rioya qilish sharti bilan hatto milliy bog‘larda ham chodir o‘rnatishga ruxsat beradi.
Foto: Iskander Mirzaxmedov / “Gazeta.uz”.
Biroq hamma ham bunday kamtarona hordiq bilan kifoyalanmaydi. Soha ushbu talabga ham munosabat bildiryapti — eko-mehmonxonalar, eko-lodjlar, glempinglar va jihozlangan sayr yo‘nalishlari tobora ommalashyapti. Quyida 2022-yil holatiga ko‘ra ekoturizm sohasining ayrim ko‘rsatkichlari keltirilgan:
|
Talab o‘sishi bilan bir vaqtda taklifning o‘sishi ham kuzatildi. Masalan, ekologik turar-joyga ixtisoslashgan global platforma — Ecobnb xizmati paydo bo‘ldi. Xizmat juda tez rivojlanyapti. Birgina 2018-yilning o‘zida Ecobnbʼda bir milliondan ortiq yangi foydalanuvchi paydo bo‘ldi.
Foto: Dilyaver Ablyakimov / “Gazeta.uz”.
Xalqaro ekoturizm jamiyati (TIES) ta’rifiga ko‘ra, eko-mehmonxonalar uchta komponentni o‘z ichiga olishi lozim:
- tabiiy va ijtimoiy-madaniy muhitni saqlash;
- ta’lim komponenti (qadriyatlar talqini);
- mahalliy aholiga foyda keltirish.
Bu uch parametrning barchasiga glempinglar mos keladi. Glempinglar kemping tamoyili bo‘yicha tashkil etilgan tabiiy hududda sayyohlarni qulay joylashtirish imkonini beradi. Grand View Research 2022 ma’lumotlariga ko‘ra, global glemping bozori hajmi 2,73 mlrd dollarga baholangan. Prognoz qilingan o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 2030-yilgacha 10,2 foizni tashkil etadi.
O‘zbekistonda glemping. Foto: Denis Sokolov / Facebook.
Ekoturizm tendensiyalariga ergashadigan glempingga misol — Mo‘g‘ulistondagi Three Camel Lodge. Bu yerda bir martalik plastik idishlardan voz kechilgan, mehmonxona hududidagi issiqxonada organik mahsulotlar yetishtiriladi. Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha maxsus kompleks dastur ishlab chiqilgan: qog‘oz, shisha va tunuka idishlar kompostlanadi. Issiqxonalarda organik o‘g‘itlardan foydalaniladi. Yoritish tizimi deyarli 100 foiz quyosh batareyalarida ishlaydi.
Three Camel Lodge, shuningdek, Gobi cho‘lidagi tadqiqotlar uchun baza vazifasini ham o‘taydi va muntazam ravishda xalqaro ekspertlarni qabul qiladi. An’anaviy me’morchilik uslubida mahalliy materiallardan foydalangan holda uychalar qurilgan. Mahsulotlar mahalliy aholi, kichik korxonalar va hunarmandlardan sotib olinadi. Mehmonxona maktab ta’lim dasturlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi (shu jumladan, yetakchi mo‘g‘ul paleontologi sharafiga stipendiya dasturi), ko‘chmanchi chorvadorlar hayvonlarini suv bilan ta’minlaydi va qishda hayvonlar uchun ozuqa beradi.
Boshqa misollar ham bor. Masalan, Galapagos orollaridagi Pikaia Lodge mehmonxonasi Santa-Krus oroli aholisi uchun 60 ta yangi ish o‘rni tashkil qilgan. Mehmonxona rahbariyati 10 mingdan ortiq daraxt ekish orqali o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha boshlagan. Mehmonxonada energiya ishlab chiqarish va iste’moli, CO2 (karbonat angidrid gazi) ajralib chiqishi ko‘rsatkichlarini maxsus veb-sayt orqali onlayn kuzatib borish mumkin.
O‘zbekistonda ekoturizm: resurslar, infratuzilma, yo‘nalishlar va diqqatga sazovor joylar
O‘zbekistonda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” davlat dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilyapti. 2026-yilga kelib mahalliy sayyohlar sonini 12 milliondan oshishi, xorijlik sayyohlar soni esa 9 millionga yetishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda turizmning asosiy turi madaniy-ma'rifiy bo‘lib qolmoqda. Biroq mamlakatning boy diniy merosini hisobga olgan holda, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgan. Shuningdek, hozircha aniq tafsilotlar mavjud bo‘lmasa-da, faol turizmni (sport va ekoturizm) rivojlantirish rejalari haqida ham gapirilmoqda.
Yirik loyihalar qatoridan Zomin, Forish va Baxmal tumanlarida, shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida yangi turistik zonalar barpo etish joy olgan. 300 mln dollarlik loyihalar doirasida 25 mingta ish o‘rni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Foto: Dilyaver Ablyakimov / “Gazeta.uz”.
O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish dasturining yana bir farqi shundaki, bu yerda Qozog‘iston yoki Rossiyadagi kabi turistik makrohududlar va klasterlarni yaratish tendensiyasi mavjud emas. Ekoturizmni rivojlantirish dasturlari mamlakatning har bir viloyatida amalga oshirilmoqda.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yida Mo‘ynoq yangi aeroporti imkoniyatlaridan foydalangan holda ekologik va ziyorat turizmi loyihalari ishga tushirilmoqda. Xorazm viloyatini turizm sohasida ish o‘rinlari yaratishning asosiy “harakatlantiruvchi kuchi"ga aylantirish choralari ko‘rilmoqda, Buxoro viloyatida esa turizmni jadal rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.
Turizm sohasida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash muhim yo‘nalishga aylanmoqda. 2021-yilda ishga tushirilgan Tourism. Path to Innovation tanlovi startaplarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning turizm salohiyatini ochib berishga qaratilgan. Shu bilan birga, BAA investitsiya kompaniyasi ko‘magida Toshkentda yangi turizm akademiyasini ochish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston ekoturizmni qanday rivojlantirishi mumkin?
Ekoturizmni rivojlantirish ham tabiiy hududlar salohiyatini baholash, ham strategik rejalashtirishni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni talab etadi. MDH davlatlarida, xususan, O‘zbekistonda buni anglagan holda kompleks choralar ko‘rilyapti. Masalan, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hudud (METH)lar maydoni mamlakat umumiy maydonining 5,2 foizidan 14 foizigacha kengaytirildi. Bugungi kunda mamlakat METH tizimiga 8 ta qo‘riqxona, 2 ta biosfera qo‘riqxonasi, 3 ta milliy bog‘ va boshqa tabiatni muhofaza qilish obyektlari kiradi.
Surxondaryo viloyati. Foto: Iskander Mirzaxmedov / “Gazeta.uz”.
Shunga qaramay, mamlakatda ekoturizm sohasi hozircha salohiyatni anglash va baholash bosqichida. Atlas kompaniyasi barqaror ekoturizmni rivojlantirish sohasidagi jahon amaliyotini tahlil qilib, to‘rtta asosiy bosqichni ajratib ko‘rsatdi. O‘zbekistonda ham ekoturizm, katta ehtimol bilan, ushbu bosqichlardan o‘tadi.
1. Tabiiy hududlarning salohiyatini baholash
Birinchi navbatda, bioxilma-xillik darajasini baholash zarur. Bu noyob flora va faunaga, kamyob turlarga yoki muhim ekotizimlarga ega bo‘lgan joylar soni bilan o‘lchanadi. Bunday joylar ko‘proq sayyohlarni jalb etishi mumkin.
Yozyovon qumliklari, Farg‘ona vodiysi. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Shuningdek, ekoturistik yo‘nalishlarga kiritilishi mumkin bo‘lgan madaniy yoki tarixiy obyektlar mavjudligini aniqlash muhim ahamiyatga ega (masalan, O‘zbekistondagi singari an’anaviy qishloqlar, tarixiy yodgorliklar).
2. Ustuvor turistik loyihalar xaritasini yaratish
Tabiiy hududlar to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni to‘plash, ayni paytda ekologik, ijtimoiy va infratuzilmaviy jihatlarni hisobga olish lozim. Ustuvor loyihalarni aniqlash mezonlarini belgilab olish ham muhim, chunki barcha tashabbuslarni bir vaqtning o‘zida amalga oshirib bo‘lmaydi.
Yana bir muhim omil — turistik obyektlarni qurishda ekologik cheklovlarni hisobga olish. O‘tgan yili Rossiyada alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda qurilishni tartibga solishga qaratilgan qonun kuchga kirdi, chunki ekoturizmning rivojlanishi shunchalik tezlashdiki, bu muhim ekotizimlarga xavf sola boshladi.
3. Manfaatdor tomonlarni jalb etish
Tomonlarni jalb qilishga yorqin misol — shu yil YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Arxangelsk viloyatidagi Kenozere milliy bog‘i. 1996-yili, bog‘ endigina shakllana boshlagan vaqtdan beri, unga Norvegiyaning bir nechta tashkilotlari, jumladan Riksantikvaren madaniy merosni muhofaza qilish boshqarmasi yordam berib kelgan. Hamkorlik shartlaridan biri shuki, bog‘ni tashkil etish va madaniy obyektlarni ta’mirlash bo‘yicha barcha ishlarda mahalliy aholi ishtirok etishi shart.
Kenozere milliy bog‘i. Foto: Instagram
Darya Kovalenkoning fikricha, bu bosqichda boshqaruvning ikki darajasida o‘zaro hamkorlik qilish vositalarini ishlab chiqish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘rta darajadagi hamkorlik vositalarini, birinchi navbatda, investorlar bilan ishlash va ekoturizm salohiyatiga ega hududlarni aniqlash haqida o‘ylab ko‘rish muhim. Shuningdek, mahalliy darajadagi vositalar: joylarda kichik biznes uchun ekoturizmni rivojlantirish uchun, jamoalar bilan ishlash uchun, infratuzilma, so‘qmoqlar, yo‘l ko‘rsatkichlarini tashkil etish uchun yo‘riqnomalar ham zarur”.
4. Doimiy monitoring va moslashtirish
Qayta aloqa shuning uchun ham muhimki, prognozlarga ko‘ra, 2033-yilga kelib turizm sohasi global YAIMning 11,6 foizini tashkil etadi, butun boshli tarmoq esa 2019-yilga nisbatan 50 foizga o‘sadi. Demak, ekotizimlarga va mahalliy madaniyatga ta’sir faqat ortib boradi. 2030-yilga kelib turizm sanoatida karbonat angidrid gazi chiqindilari ham 2016-yilga nisbatan 25 foizga oshadi.
Yechimlar turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, Xorvatiyaning Dubrovnik shahrida sayyohlarni madaniyat va tabiatga ongli munosabatda bo‘lishga undovchi reklama ishga tushirildi, shahar hokimiyati esa g‘ildirakli chamadonlarni tosh yo‘laklar bo‘ylab olib yurishni taqiqladi. Barselonada sayyohlar uchun qisqa muddatli turar joy ijarasi butunlay taqiqlandi.
Hozircha bu yordam bermayapti. Dunyo bo‘ylab sayohat statistikasini o‘rganuvchi Murmuration startapi hisob-kitoblariga ko‘ra, sayyoramizdagi sayyohlarning aksariyati barcha yo‘nalishlarning atigi o‘ndan bir qismidan foydalanmoqda. Biroq ijobiy jihatlar ham mavjud: turar joy ijarasiga ixtisoslashgan xizmatlardan biri o‘tkazgan so‘rovnoma mijozlarning yarmidan ko‘pi “ommalashmagan” yo‘nalishlarda sayohat qilishga tayyor ekanini aniqladi. Bunday vaziyatda O‘zbekiston kabi mamlakatlar dunyoning eng gavjum va “toliqqan” hududlaridagi yuklamani kamaytirish bilan bir vaqtda, o‘z hududlarida ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.