2025-yilda O‘zbekiston davlat dasturlari va tadbirlariga sarflanadigan xarajatlarni oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasida aytiladi.
Ushbu xarajatlarni 5,8 foiz yoki 1,33 trillion so‘mga — 22,9 trillion so‘mdan 24,24 trillion so‘mga (taxminan 1,9 milliard dollar), shu jumladan, ta’lim sohasidagi loyihalar bo‘yicha xarajatlarni 6,18 trillion so‘mgacha (+8,2 foiz) oshirish rejalashtirilgan.
Birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollari xarid qilish uchun 143,5 milliard so‘m (2024-yildagidek), maktablarda yangi kompyuter sinflarini tashkil etishga 200 milliard so‘m, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamg‘armasini shakllantirishga — 120 milliard so‘m, ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga — 250 milliard so‘m, 1500 nafar chet ellik o‘qituvchini taklif etishga — 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Maktab darsliklarini yangilash uchun 1 trillion 300 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, biz allaqachon yozganimizdek, maktab darsliklarini ijaraga olish uchun to‘lovni qaytarish rejalashtirilgan (u 2022-yilda bekor qilingandi). 2−11-sinf o‘quvchilari uchun to‘lov har to‘plam uchun 80 ming so‘mni tashkil qilishi mumkin. Bu davlat budjeti yukini taxminan 376 milliard so‘mga kamaytirishi kutilmoqda.
2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat dasturlariga 2,79 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu 2024-yilga nisbatan 19,2 foiz yoki 450,8 milliard so‘mga ko‘proq.
Davlat dasturlarida yangi xarajatlar moddalari paydo bo‘ldi. Xususan, kam ta’minlangan oilalar reyestridagi bolalar uchun to‘garaklar tashkil etish uchun birinchi marta 500 milliard so‘m, bog‘chalarda Face-ID tizimini joriy etish uchun (planshet sotib olish va abonent to‘lovlari uchun) — 64,6 milliard so‘m, Milliy teleradiokompaniyaga futbolni aholi o‘rtasida ommalashtirish maqsadida ko‘chma televizion stansiya sotib olishi uchun — 108 milliard so‘m, “O‘zbekiston 24” va “Mahalla” teleradiokanallarini to‘liq HD formatiga o‘tkazish uchun — 20 milliard so‘m ajratiladi.
Yangi xarajatlarga quyidagilar ham kiradi:
- Tibbiy xizmatlar sifatining statsionar sharoitda tug‘ilish standartlariga to‘liq mos kelishini ta’minlash maqsadida tug‘uruq o‘rinlari sonini bosqichma-bosqich oshirish — 134,1 milliard so‘m;
- onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash chora-tadbirlari — 135 milliard so‘m;
- Sirdaryo viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar, kompyuterlar va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash, shuningdek, mahalliy tarmoqqa ulash xarajatlari — 30 milliard so‘m;
- ayollar o‘rtasida saraton kasalligiga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish dasturi — 33,5 milliard so‘m;
- Jahonning yetakchi klinikalarida qo‘llanadigan bolalar gematologiyasi va onkologiya bo‘limlarida diagnostika va davolash bo‘yicha klinik standartlar, protokollar va tavsiyalarni joriy etish xarajatlari — 9,3 milliard so‘m;
- Islom sivilizatsiyasi markazi qo‘lyozma fondini qadimiy manbalar bilan to‘ldirish uchun — 5 milliard so‘m;
- 1000 nomdagi jahonga mashhur kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va nashr etish — 12 milliard so‘m;
- tuman va shaharlar axborot-kutubxona markazlari uchun kompyuter texnikasi xarid qilish — 5 milliard so‘m;
- har ikki yilda bir marta sovrin jamg‘armasi 2 million dollarni tashkil qiluvchi “O‘zbekistonning ipak matolari” (“Silk Uzbekistan Fashion Week”) xalqaro moda haftaligini o‘tkazish — 10 milliard so‘m;
- tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlari uchun avtotransport vositalari va maxsus texnika xarid qilish — 443 milliard so‘m;
- 2024−2026-yillarda respublikada aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun suv ta’minoti tarmoqlarini qurish — 50 milliard so‘m;
- 2024−2025-yillarda “O‘zsuvta'minot” obyektlaridagi nasoslarni energiya tejamkorlariga almashtirish — 25 milliard so‘m;
- 1991-yilgacha qurilgan ko‘p xonadonli uy-joy fondini pasportlashtirish — 30 milliard so‘m;
- Samarqand shahrida Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig‘ilishini o‘tkazish — 30 milliard so‘m;
- “Tirik tarix” dasturi doirasida filmlar yaratish — 50 milliard so‘m.
Mehribonlik uylari qurilishiga joriy yilda rejalashtirilganidan biroz kamroq mablag‘ ajratiladi — 142,8 milliard so‘m o‘rniga 140,1 milliard so‘m.
Bundan tashqari, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish uchun 504 milliard so‘m, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi bo‘yicha xarajatlar 900 milliard so‘mni tashkil etadi.
Orqa miya mushaklari atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni dori-darmonlar bilan bepul ta’minlash uchun mablag‘lar 151,2 milliard so‘mdan 250 milliard so‘mga (+65,3 foiz), iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash va ularni tibbiyot muassasalariga jalb etish uchun — 40 milliard so‘mdan 50 milliard so‘mgacha (+25 foiz), nefrologiya va gemodializ sohasiga ko‘maklashish uchun — 115 milliard so‘mdan 241,8 milliard so‘mgacha (2,1 baravar), bolalar va tug‘ish yoshidagi, homilador va emizikli ayollarni maxsus profilaktika vositalari bilan bepul ta’minlash uchun — 26,4 milliard so‘mdan 176 milliard so‘mgacha (6,7 barobar) oshiriladi.
Onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish hamda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashga sarflanadigan xarajatlar 224,1 milliard so‘mdan 150,4 milliard so‘mga (-32,9 foiz), bolalarni emlashga mo‘ljallanganlari 246 milliard so‘mdan 242 milliard so‘mga qisqartiriladi.
Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun 190 milliard so‘m (2024-yilda 228 milliard so‘m), Paralimpiya o‘yinlariga esa 50 milliard so‘m (41 milliard so‘m) yo‘naltiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkiga yetkazilgan zararni qoplash uchun respublika maqsadli jamg‘armasiga transfertlar 550 milliard so‘m (600 milliard), ko‘p qavatli uylardagi liftlarni yangilash va ta’mirlash xarajatlari 169,5 milliard so‘mni (161 milliard) tashkil etadi.
Avvalroq biz 2025-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasi va bunda vazirlik va tashkilotlarga qancha mablag‘ ajratilgani haqida yozgan edik.