O‘zbekistonda 2025-yil aprel oyida elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi umumiy inflyatsiya darajasiga 1,5−1,8 foiz punkti qo‘shadi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Asosiy ssenariyga ko‘ra, MB inflyatsiya yil oxirida kutilayotgan 9,5 foizdan 2025-yilda 6−7 foizgacha pasayishini kutmoqda. MB raisining so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich apreldan boshlab yana ko‘tariladigan energiya resurslari narxining oshishini hisobga oladi. Xususan, elektr energiyasiga (oyiga 200 kVt/soat doirasida) bazaviy tarif 33,3 foizga — 450 so‘mdan 600 so‘mga, gaz uchun — 650 so‘mdan 1000 so‘mga (+53,8 foiz) oshadi.

Bu yaqinda yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushirilgan bazaviy stavkaning oshishiga olib keladimi, degan savolga Mamarizo Nurmuratov shunday javob berdi:

“Bu inflyatsiya muhitiga bog‘liq bo‘ladi. Inflyatsiya darajasi 10,5% bo‘lsa ham, nega stavka pasaytirilmayapti, deb hayron bo‘lishingiz mumkin. Biz uchun inflyatsiya muhiti ko‘proq narsani anglatadi. Biz uchun bazaviy inflyatsiya va aholining asosiy 30 turdagi iste’mol tovarlari narxlarining o‘zgarishi muhimroq. Biz ko‘proq ushbu o‘zgarishlarga e’tibor qaratamiz. Umumiy inflyatsiya 10,5% darajasida barqaror bo‘lsa ham, oxirgi chorakda asosiy inflyatsiya 1,1 foiz punktiga o‘sib, 7,1 foizni tashkil etdi. Bu inflyatsiya xavfi saqlanib qolayotganini anglatadi”.

1-maydan boshlab gaz va elektr energiyasi tariflari oshishining umumiy inflyatsiyaga qo‘shgan hissasi dastlab 2,4 foiz punktga baholangan edi. MB rahbarining ta’kidlashicha, tariflar oshishining inflyatsiyaga ta’siri 4,2 foiz punktida prognoz qilingan, biroq bu ko‘rsatkich pastroq — 3,9 foiz punktida bo‘lgan.