Oktabrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekiston shaharlarida, ayniqsa, poytaxt Toshkentda: “Issiqlik ta’minotiga qachon start beriladi?”, degan savol kun tartibiga chiqdi. Chunki bu yilgi oktabrda havo haroratining bir ko‘tarilib, keyin keskin pasayib ketishi markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan ko‘p qavatli binolar, ijtimoiy obyektlar, ayniqsa, beton-panel konstruksiyalardan qurilgan imoratlarda zaxlikni oshirib yubordi. Bu esa aholi orasida shamollash kasalliklarini ko‘paytiryapti, muntazam sovqotishni keltirib chiqaryapti.

Umuman, bu yilgi oktabr umumiy oylik harorat nuqtai nazardan iliqroq keldi. Masalan, 20-oktabr kuni kunduzi havo harorati +30 darajagacha ko‘tarildi. Ammo bundan uch kun avval — 17-oktabr tongida Toshkentda havo harorati qariyb 0 darajagacha pasaygan, undan bir kun avval esa o‘rtacha sutkalik harorat Selsiy bo‘yicha +8 darajani tashkil etgan edi.

Aynan 16−17-oktabr va 28−29-oktabrdagi o‘rtacha sutkalik havo haroratining Selsiy bo‘yicha +8 darajaga yaqin bo‘lishi poytaxt aholisi sovuqni his qilishiga va issiqlik ta’minotiga start berilishi zarurligi bilan bog‘liq talablari ortishiga sabab bo‘ldi. Buni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining 16-oktabr va 28-oktabr kunlari issiqlik ta’minotiga qachon start berilishiga doir tarqatgan xabarlari ostida qoldirilgan izohlardan ko‘rib, bilish mumkin.

Hokimlikning mos ravishda Veolia Energy va Markaziy dispetcherlik xizmatining bayonotlariga tayanib tarqatgan axborotida isitish davri “tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati ketma-ket 5 kunlik davrda +8 darajadan past bo‘lgan paytdan boshlanishi” ta’kidlangan edi. Xo‘sh, bu qoida o‘zi qayerdan kelib chiqqan?

Sovet davridan qolgan qoida

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tayangan Veolia Energy va Markaziy dispetcherlik xizmatining bayonotlarida asos sifatida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasinin 2014-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” 194-son qarori 13-bandi keltirilgan. Unda, jumladan, shunday deb yoziladi:

“Xonalarni isitish ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasini berishda Yetkazib beruvchi isitish davrini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlaydi va tamomlaydi. Isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8⁰Sdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8⁰S yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak”.

Oddiy qilib aytganda, havo harorati ketma-ket 5 kun Selsiy bo‘yicha o‘rtacha 8 daraja iliqdan past bo‘lsa, isitish davri boshlanishi kerak. Bu sovet davridan qolgan qoida, xususan, O‘zSSR hukumatining 1985-yil 30-sentabrdagi 497-son qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarning 32-bandida mustaqil O‘zbekistonning 2014-yilgi qarori bilan tasdiqlangan Qoidalaridagi kabi gap yozilgan.

erkin abdulahatov, issiqlik ta’minoti, kuz-qish mavsumi, ob-havo, toshkent

Aslida bu qoida o‘tgan asrning 60−70 yillarida, fasllar bir-biriga o‘z o‘rnini ma’lum bir uzviylikda bo‘shatgan, havo harorati bugungidek “karusel” misoli o‘ynab ketmagan davrlarda ishlab chiqilgan.

Bu qoidaga har doim ham amal qilinmaydi

E’tiborga molik jihati shundaki, so‘nggi yillarda Toshkent rahbarlari ushbu qoidaga har doim ham birdek amal qilmagan (MDHning boshqa mamlakatlarida shaharlarda ham bu qoidaga muntazam amal qilinayotgani yo‘q). Havo harorati (quyidagi grafiklarda ko‘rsatilgan) besh kun davomida +8 daraja yoki undan past bo‘lmagan ersa-da, Toshkentda 2021-yili 14-oktabrdan, 2022-yili 24-oktabrdan va 2023-yili 6-noyabrdan isitish davri boshlangan.

Toshkent shahar hokimligi nega bu yil tayanayotgan “oltin qoida"siga 2021, 2022 va 2023-yillarda rioya etmagan va issiqlik ta’minotini havo harorati ketma-ket besh kun +8 darajadan past bo‘lmasa ham yoqib yuborgan? Bunga turlicha javob berish mumkin, lekin haqiqatga eng yaqini — o‘shanda aholi e’tirozlaridan xulosa chiqarilgan va jamoatchilik fikri inobatga olingan bo‘lishi mumkin.

Grafik “Toshkent-Observatoriya” tayanch kuzatuv meteorologiya stansiyasi arxiv ma’lumotlari asosida tayyorlandiGrafik “Toshkent-Observatoriya” tayanch kuzatuv meteorologiya stansiyasi arxiv ma’lumotlari asosida tayyorlandi

Qo‘shni mamlakatlarda nima gap?

2024-yilda qo‘shni mamlakatlarning Toshkentga yaqin yirik shaharlarida issiqlik ta’minoti qachon uzatila boshlangani va bunda sovet davridan qolgan “oltin qoida"ga qanchalik amal qilinganini ko‘rib chiqsak.

O‘zbekiston poytaxtiga eng yaqin, iqlimi ham Toshkentniki bilan deyarli bir xil bo‘lgan Chimkentda issiqlik ta’minoti uzatilishi 21-oktabrdan boshlandi. Shu kuni shaharda o‘rtacha sutkalik havo harorati Selsiy bo‘yia +15 daraja, 22-oktabrda esa +12 daraja iliq bo‘lgan. Faqat 23-oktabrga kelib o‘rtacha sutkalik havo harorati +8 darajadan pasaygan.

erkin abdulahatov, issiqlik ta’minoti, kuz-qish mavsumi, ob-havo, toshkent

Ya’ni, Chimkent mas’ullari “oltin qoida"ni inobatga olmay, havo harorati +8 darajagacha pasayishidan uch kun avval aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarga issiqlik yetkazishni boshlagan.

Qozog‘istonning janubiy poytaxti Olmaotada issiqlik ta’minoti 7-oktabrdan boshlandi, vaholanki bundan avvalgi besh kun davomida shaharda juda yuqori harorat kuzatilgandi. Boz ustiga, issqlik ta’minoti boshlanganidan keyingi besh kunda ham o‘rtacha sutkalik xavo harorati Selsiy bo‘yicha +12…+17 daraja orasida “o‘ynagan”.

erkin abdulahatov, issiqlik ta’minoti, kuz-qish mavsumi, ob-havo, toshkent

Shu tariqa, Olmaota ma’murlari ham “+8 daraja qoidasi"ga umuman amal qilmay, o‘rtacha sutkalik havo harorati +17 daraja iliq bo‘lib turgan vaqtda qaror chiqargan.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 15−19-oktabr kunlari o‘rtacha sutkalik havo harorati ketma-ket besh kun +8 daraja va undan past bo‘lganiga qaramay, shu kunlarda issiqlik ta’minoti ishga tushirilmadi. Faqat 22-oktabrdan ijtimoiy obyektlar va aholi xonadonlariga issiqlik berila boshlandi. Vaholanki, 22−27-oktabr kunlari havo harorati bir kunga bo‘lsa ham +8 darajadan pastlamadi.

erkin abdulahatov, issiqlik ta’minoti, kuz-qish mavsumi, ob-havo, toshkent

Shunday qilib, Bishkekda sovet davridan qolgan “oltin qoida"ga amal qilindi (aftidan, Toshkent rahbarlari ham bishkeklik hamkasblari kabi yo‘l tutsa kerak).

Nima qilmoq kerak?

Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda issiqlik ta’minotini boshlash va tugatish hududning iqlimi, bu iqlimning, xususan, aholi salomatligi va bino konstruksiyalariga ta’siriga doir chuqur ilmiy-tadqiqotlar, aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida ishlab chiqilgan milliy standartlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Issiqlik ta’minotini boshlashga doir standartlar faqat tashqi muhit harorati qiymatlari emas, balki namlik, quyosh yog‘dusi va boshqa meteorologik parametrlarni inobatga olish orqali hisoblangan bioiqlimiy sharoit ma’lumotlaridan kelib chiqib tayyorlanishi lozim.

Birinchidan, iqlim o‘zgarishi, havo haroratining umumiy ko‘tarilishi fonida odamlarda issiqroq muhitdan sovuq muhitga moslashib borish tizimi “ishdan chiqyapti”. Boshqacha aytganda, hozir XX asrning so‘nggi yillaridagi kabi havo haroratining kuzda barqaror pasayib borish jarayoni kuzatilmayapti; kuzda haroratning “karusel” kabi o‘ynab, uzoq muddatli issiq kunlar ortidan to‘satdan juda past harorat kuzatilishi odatiy holga aylanmoqda.

Ikkinchidan, o‘tgan asrda qurilgan ko‘p qavatli aksariyat bino va inshootlar sirt yuzalaridagi sovuqlik to‘lqinlari xavfini kamaytiruvchi izolyatsiya xususiyatlari eskirganini ham yoddan chiqarmaslik zarur.

Uchinchidan, aholi dunyoqarashining kengayishi, iqtisodiy o‘sish ham kishilarning qulay va shinam muhitda yashashga bo‘lgan intilishlari, bu boradagi haq-huquqlarini talab qilishni kuchaytirmoqda. Xona haroratining “komfort” bo‘lishi, tabiiyki, tashqi havo parametrlariga bog‘liq, bunda harorat omilidan ko‘ra, uni his qilish omili aholi va turli infrastrukturalarga ta’sir ko‘rsatyapti.

Havo harorati, namlik, shamol tezligi, quyosh nuri kabi kompleks ma’lumotlarga tayangan holda o‘z vaqtida ta’minlangan “komfort” issiqlik muhiti barqaror iqtisodiy faoliyatni ta’minlaydi, xodimlarning foydali ish koyeffitsiyenti pasayib ketishining oldini oladi. Foydali ish qilishda eng katta rag‘bat ham shu — atrof-muhitda organizm uchun qulay sharoit bo‘lishidir; bino va inshootlarda aholiga “komfort” mikroiqlim yuzaga keltirilishi juda muhim.

Qisqa qilib aytganda, issiqlik ta’minotini uzatish va tugatish bilan bog‘liq optimal davrni belgilash uchun o‘tgan asrning o‘rtalarida ishlab chiqilgan qoidalarga asoslangan hujjatlar o‘rniga amaldagi mahalliy iqlim sharoitlarini chuqur hisobga olgan hamda xalqaro tajriba va standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan yangi normativlarni ishlab chiqish lozim.