Rossiya qo‘shinlari 30-oktabr kuni kechqurun Xarkovning Saltovsk tumaniga aviabomba tashladi. To‘qqiz qavatli turar joy binosi shikastlandi, uning ikki qavati vayron bo‘ldi, deb yozmoqda “Meduza”.
31-oktabr tongi holatiga ko‘ra, 34 kishi yaralangan, buni viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov bildirdi. 12 yoshli bola halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar og‘ir jarohat olgan bolani vayronalar ostidan olib chiqdi, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmadi. Vayronalar ostidan yana bir marhumning jasadi topilgan, uning shaxsi hozircha aniqlanmagan.
Aviazarba oqibatida qulagan uyda tekshiruv ishlar davom etmoqda. Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, vayronalar ostida 15 yoshli o‘smir qolib ketgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida Xarkovdagi aviazarba joyidan olingan videoni e’lon qilib, ittifoqchilarni yordam haqida qaror qabul qilishni kechiktirmaslikka chaqirdi. “Bunday sharoitda ularning har bir kechiktirilgan qarori — Ukrainaga qarshi kamida o‘nlab, hatto yuzlab shunday rus bombalariga tengdir. Ularning yechimi — odamlarimizning hayoti. Shuning uchun biz birgalikda Rossiyani to‘xtatishimiz va buni imkon qadar kuchli amalga oshirishimiz kerak”, — deb yozdi u.