Navoiy viloyati Konimex tumanidagi janjal oqibatida bir yigit halok bo‘ldi. Bu haqda “Yangi Davr” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, voqea kelishmovchilik ortidan kelib chiqqan. Ikki aka-uka “ko‘cha tili”da gaplashib olish uchun raqibini cho‘lga chaqirgan.
O‘z o‘rnida, u ham 7 nafar do‘sti bilan qurollangan holda voqea joyiga yetib kelgan. Janjal esa pichoqbozlikka aylanib ketgan. Yakunda ov miltig‘idan osmonga o‘q uzilgan.
Janjal paytida yigitlardan biri boshqasiga ikki marta pichoq urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
“Dada, ona, meni kechiringlar, iltimos. O‘g‘lingiz qotil emas, men faqat ukamni himoya qilmoqchi bo‘ldim. Ataylab odam o‘ldirmadim”, — deya ta’kidlagan raqibini pichoqlagan yigit.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish Uchquduq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. 8 nafar sudlanuvchi 1 yildan 3,5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qotillikda ayblangan yigit bo‘lsa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l” bandi (Bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) va 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan aybli deb topilib, 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.