31-oktabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida qurilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkini, undan so‘ng Navoiy shahridagi sanoat zonasini borib ko‘rdi, viloyatdagi sanoat korxonalarining mahsulotlari va salohiyati bilan tanishdi.

Kimyo sanoati rivojlangan Navoiy viloyatida xitoylik tadbirkorlar 130 gektar yer maydonida “Zarafshon industrial technology” nomi ostida kimyo texnoparki barpo etmoqda. Unda 300 kishi ishlamoqda. Bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 18 ta loyihaning umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq. Hozirgacha ularning ikkitasi: 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi olish loyihalari ishga tushirildi.

навоий вилояти, prezident, шавкат мирзиёев

Sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan unumli foydalanish maqsadida 1,4 megavatt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmali energoblok qurilgan. Bu korxona o‘zini o‘zi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Texnoparkda qiymati 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna kaustik soda hamda 135 million dollarlik 100 ming tonna ftalotsianin (to‘qimachilik bo‘yog‘i) ishlab chiqarish korxonalari qurilishi boshlangan. Prezident uning loyihalari bilan tanishdi.

Texnoparkda boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalari tufayli qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar o‘rni qoplanadi. Majmuada mahalliylashtirish ayni paytda 31 foizga teng, loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida bu ko‘rsatkich ikki barobar ortadi. Shuningdek, 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Davlat rahbari korxonalarda ishlab chiqarish balansini ta’minlash, “off take” shartnomalar qilib, mahsulotlarni kafolatli sotish zarurligini ta’kidaldi, deyiladi xabarda.

Jarayonda antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtiriladi. Texnoparkning yillik eksport salohiyatini 2026-yilda 30 millionga yetkazish va izchil oshirib borish rejalashtirilgan. Shuningdek, kerakli kommunikatsiya tarmoqlari ham xorijiy investor mablag‘lari hisobidan qurilmoqda.

Shu yerda 2024−2030-yillarda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, 5 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni bo‘ladi. Yiliga 2 milliard dollardan ziyod kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Prezident loyihalarda ekologiya talablariga alohida e’tibor qaratish, zavodlarni uglerod oksidini havoga kam chiqaradigan uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Loyihalardan 4 tasi kelgusi yili foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. Shavkat Mirziyoyev ularning investorlari bilan muloqot qildi.

Davlat rahbari Navoiy shahridagi sanoat zonasida “Universal filter” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar — jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Unda 250 kishi ishlaydi. Tadbirkorning aylanma mablag‘i bundan yetti-sakkiz yil oldin atigi 1 milliard so‘m edi. Endilikda joriy yil yakuniga qadar 200 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Keltirilishicha, O‘zbekistonda atmosfera havosiga ta’siri bo‘lgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonasi mavjud. Ulardagi chang-gaz tozalash uskunalarining ko‘pi eskirgan. Ilgari bu yo‘nalish faqat chet elga bog‘lanib qolgani uchun filtrlarni yangilash yillab cho‘zilgan. Endi bu sohada ham importga raqobatdosh mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish paydo bo‘lmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida yuzdan ortiq korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari yangilandi, deyiladi xabarda.

Bunday ishlarda mazkur korxonaning ham o‘rni bor. Uning mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham jo‘natilmoqda. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmi 1 million dollarga yetishi kutilmoqda.

навоий вилояти, prezident, шавкат мирзиёев

Shu yerda Navoiy viloyatining sanoat mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, og‘ir va yengil sanoat uchun detallar, uskunalar, kompressorlar, elektrotexnika jihozlari, mis va plastik quvurlar, nasos qismlari namoyish etildi. Ularni birlashtiruvchi jihat — mahalliylashtirilgani.

Prezident O‘zbekistonda gidroenergetikani yanada rivojlantirish maqsad qilinganini ta’kidlab, kichik va mikroGESlar qurish va ularning komponentlarini ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalar uchun mahalliylashtirish loyihalarini kuchaytirish orqali viloyatda ishsizlikni kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident tashrifi avvalida Navoiydagi vodorod peroksidi ishlab chiqariladigan korxona faoliyati bilan tanishdi.