Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Yangi Navoiy shaharchasi qurilishining dastlabki bosqichi borishi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident keksa avlod vakillari, ziyolilar bilan suhbatlashdi.

“Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta ro‘zg‘orni tebratishning o‘zi bo‘lmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashyapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun quryapmiz? Yoshlarimiz o‘sib kelyapti. Ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz”, — dedi prezident.

Loyihani amalga oshirish uchun Karmana tumanidan 1100 gektar yer Navoiy shahriga o‘tkazildi. Birinchi bosqichda 450 gektar maydonni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Shaharchada 7−22 qavatli uy-joylar, 4 ming 170 o‘rinli umumta’lim maktablari, 1620 o‘rinli bog‘chalar, poliklinika quriladi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi kampusi ham shu yerda bo‘ladi.

Prezident Navoiy viloyatida sanoat rivojlangani, lekin xizmat salohiyati to‘liq ishga solinmaganini aytdi. Shu bois shaharchada sayilgoh, ko‘ngilochar maskanlar, savdo do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etiladi.

Shaharcha qurilishi direksiya tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Yer maydonlari elektron auksionga qo‘yilib, g‘olib qurilish tashkilotlari bilan investitsiya shartnomasi tuziladi.