O‘zbekistonda kuz faslining oxirgi oyi issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi, keyingi haftalarda havo harorati keskin o‘zgarib turadi. O‘zgidromet matbuot xizmati noyabr oyida kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi.
Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida o‘rtacha havo harorati oktabr oyiga nisbatan 6−7 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 8−9 darajaga past bo‘ladi. Oyning birinchi yarmida o‘rtacha ko‘p yillik kunduzgi harorat +15…+20 darajani (ba’zan +22…+27 darajagacha), oyning ikkinchi yarmida esa +10…+15 daraja iliq bo‘ladi.
1−3-noyabr kunlari respublikada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 2-noyabrda Toshkent viloyatining ayrim joylarida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. 3-noyabrga kelib, kunduzi havo +20…+25 daraja iliqqacha isiydi.
4-noyabrdan O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalarining kirib kelishi boshlanadi, yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi havo harorati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida +10…+15 darajagacha pasayadi, respublikaning qolgan hududlarida esa iliq ob-havo saqlanib turadi. Nam va sovuq havo massalari 5-noyabrdan barcha hududlarga tarqaladi.
Sovuq harorat fonida 5−8-noyabr kunlari respublikaning barcha viloyatlarida, 9−10-noyabrda sharqiy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi (tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi), ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Havo harorati asta-sekin pasayadi va birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, harorat kechalari +3…+8, kunduz kunlari +7…+12 darajani tashkil etadi.
Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +3…+8 darajadan −5…−0 darajagacha soviydi, kunduz kunlari +10…+15 darajadan +3…+8 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Iliq ob-havo davrlari harorat kunduzi +17…+20 iliqqacha ko‘tarilganda kuzatiladi. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Noyabrda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, ba’zi joylarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanadi) oktabr oyiga nisbatan tez-tez kuzatiladi, ular davomiy va jadal bo‘ladi. Tog‘li hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi. Pastki qatlamlarda qor qoplami beqaror bo‘ladi, 2000 metrdan yuqori bo‘lgan balandliklarda esa qor qoplamining balandligi oy oxiriga 25−40 santimetrga yetadi.
Avvalgi yillarning noyabr oyi qanday o‘tgandi?
O‘tgan asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan davr uchun eng sovuq noyabr oylarida havo harorati -24 daraja, shimolda -27 darajagacha sovigan. So‘nggi yillarda noyabr oyida bunday qattiq sovuqlar kuzatilmadi. Ushbu asrda eng past harorat −15…−10, shimolda -25 daraja bo‘ldi. Ustyurtda harorat -28darajagacha pasaydi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun O‘zbekistonda eng iliq davr o‘tgan 2023-yil noyabr oyida kuzatildi, bunda o‘rtacha oylik harorat iqlim me’yoridan 3−6 darajaga ko‘p bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida 2023-yil noyabr oyida (shimol va cho‘l hududlardan tashqari) havo harorati manfiy qiymatlargacha bir marta ham pasaymadi. Ushbu asrda 2020-yil noyabr oyi eng sovuq bo‘ldi. O‘sha yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligida havo hali nisbatan iliq bo‘ldi. Ikkinchi o‘n kunlikda haroratning keskin pasayishi kuzatildi. Sovuq havo noyabr oyining oxirigacha saqlanib turdi. Hatto kunduz kunlari ham termometr ustuni 5 daraja iliqdan, eng sovuq kunlarda esa 0 darajadan yuqoriga ko‘tarilmadi.
Hududning katta qismida barcha kuzatuv yillari uchun 2011-yil noyabr oyi yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lgan yildir. Ushbu yili noyabr oyida yog‘ingarchilik 3−3,5 oylik me’yorgacha, eng chekka janubda esa 4−7 oylik me’yorgacha bo‘lgan.
Masalan, Toshkentda 2011-yil noyabr oyida me’yor 51 mm bo‘lganda 167 mm yog‘ingarchilik kuzatildi va u 19 kun (me’yor 11 kun) davomida qayd etildi. Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida anomal quruq noyabr oylari ham qayd etilgan, bunda yog‘ingarchilik me’yordan 1 dan 30 foizgacha bo‘lgan.