O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari Navoiy shahridagi Uzbekistan hydrogen peroxide qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, mamlakat sanoat tarmoqlarida vodorod peroksidiga yillik talab o‘rtacha 15 ming tonnadan ziyod. 2024-yilda o‘z faoliyatini boshlagan Uzbekistan hydrogen peroxide qo‘shma korxonasida shunday mahsulot ishlab chiqariladi.

Qiymati qariyb 30 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida zavod qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar keltirilib o‘rnatildi. 80 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi. Korxona yiliga 30 ming tonna vodorod peroksidi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bu birikmadan kimyo, metallurgiya, elektr texnikasi, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi kabi o‘nga yaqin tarmoqda foydalaniladi. Jumladan, qog‘oz, maishiy va kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, uran va kobalt mahsulotlari qazib olishda faol qo‘llaniladi. Qadoqlarni tozalovchi, sun’iy va sintetik tolalarni oqartiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Bu yerda tabiiy gaz chuqur qayta ishlanib, bozorbop mahsulotga aylantiriladi. Misol uchun, 60 foizli vodorod peroksidi tibbiyotda uch barobar, maishiy kimyo vositalarida ikki barobar qo‘shilgan qiymat yaratadi.

vodorod peroksidi, навоий, шавкат мирзиёев

Davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

“Har bir loyihadan maqsad — yuqori daromad, qo‘shilgan qiymat. Bu korxona shu jihatdan ma’qul. Endi ishlab chiqarish barqarorligi, xaridorlar ishonchi uchun buni kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu korxona misolida shunday loyihalarni ko‘paytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Vodorod peroksidi shu paytgacha O‘zbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, import o‘rnini to‘ldiradi. Shu bilan birga, yaqin minataqada bunday korxona yo‘q. Shu bois mahsulot MDH va Yevropa mamlakatlariga ham yetkazib berilmoqda. Qisqa vaqtda qariyb 1,5 million dollarlik eksport qilingan. Korxonaning yillik eksport salohiyati 10 million dollar”, — deyiladi xabarda.

Bu suyuq kimyoviy mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun shu yerning o‘zida plastik quyma idishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Korxonani muqobil energiya bilan ta’minlash maqsadida quvvati 27 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.

Shu yerda korxona faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, Turkiyaning “Orbak Metal Industry” kompaniyasi bilan gidrogen peroksidi ishlab chiqarish quvvatini 45 ming tonnaga oshirish, shuningdek, tutash hududda oziq-ovqat sanoati loyihasini tashkil etish rejalashtirilgan.