Prezident Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Navoiy shahridagi yangi mahallalardan biri — Farovondagi 22-umumta'lim maktabida bo‘ldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, bu yerdagi 50 dan ortiq ko‘p qavatli uyda 15 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, teatr va mehmonxonalar, bog‘cha va maktablar qurilgan.

22-maktabda 1800 ga yaqin o‘quvchi ta’lim oladi. O‘tgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxona 3 mingdan ortiq kitoblar bilan ta’minlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona tizimiga ham ulangan.

Ta’lim muassasasida “Xavfsiz maktab” tizimi ishlaydi. Muassasaga kirish-chiqishda Face ID tizimi o‘rnatilgan.

Davlat rahbari avvalroq maktablarda ta’lim sifatini prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar darajasiga yaqinlashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu maqsadda maktabga tanlov asosida 104 nafar o‘qituvchi tanlab olindi. Ta’lim eng yaxshi maktablarning ilg‘or tajribalaridan foydalanadigan dasturlar bo‘yicha olib boriladi, deyiladi xabarda.

Talabalarga kamida ikkita chet tili va bitta kasb o‘rgatiladi. Buning uchun maktabda amaliy san’at, mehmonxona xizmati, rassomchilik, suratkashlik, IT yo‘nalishi, robototexnika kabi kasb-hunarlar bo‘yicha o‘ndan ortiq to‘garaklar tashkil etilgan.

Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilib, vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Maktabda “Iqtidor” to‘garagi ham faoliyat ko‘rsatadi, o‘quvchilar musiqa, teatr va san’at bilan shug‘ullanadi.

Prezident maktab faoliyati bilan tanishdi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

“Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”, — dedi u bolalarga.