Ispaniyaning Valensiya hududida kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida kamida 64 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Ispaniyalik meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bor-yo‘g‘i sakkiz soat ichida Valensiyada bir yillik yog‘ingarchilik miqdori yoqqan. Viloyatdagi 155 mingga yaqin xonadon kuchli shamol tufayli elektrdan uzilgan.

Elektr ta’minotchisi bo‘lgan Iberdrola kompaniyasi yomon ob-havo sharoiti tufayli tiklash ishlari biroz vaqt talab qilishi mumkinligini bildirdi.

Voqea guvohlari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolavhalarga ko‘ra, odamlar suv toshqinidan qutulish uchun daraxtlar va avtomobil tomlariga chiqib olgan.

Hududiy hukumat rahbari Karlos Mazonning aytishicha, ayrim aholi vakillari kirib borish qiyin bo‘lgan joylarda yolg‘iz qolib ketgan, chunki ba’zi hududlarga yetib borish “mutlaqo imkonsiz”.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda maktablar bekor qilindi, hududda poyezdlar qatnovi ham to‘xtatildi.

Ispaniya qiroli Filipp VI suv toshqinlari ko‘lamidan dahshatda qolganini aytib, tabiiy ofat qurbonlarining qarindoshllari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Bosh vazir Pedro Sanchesning aytishicha, qutqaruv ishlariga 1000 dan ortiq harbiy jalb etilgan. Shuningdek, u vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklashga va’da berdi.

Ispaniya hukumati toshqin qurbonlari uchun 31-oktabrdan 2-noyabrga qadar uch kunlik motam e’lon qildi.