Surxondaryo viloyatidagi ijtimoiy obyektlar va uy-joylarga issiqlik 1-noyabrdan boshlab berilishi kerak, deyiladi viloyat hokimining 29-oktabrdagi farmoyishida.

Termiz shahri va tumanlar hokimliklari, ijtimoiy soha tashkilotlari va kommunal xo‘jalik korxonalariga 31-oktabrdan boshlab kecha-yu kunduz ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi.

Viloyatdagi gaz va elektr ta’minoti korxonalariga qozonxonalar, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy gaz va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tabiiy gaz bilan qamrab olinmagan aholi punktlari suyultirilgan gaz bilan ta’minlanishi kerak.

Termiz shahri va viloyat tumanlarining avariya-tiklash xizmatlari zarur texnika va uskunalarni tayyorlab berishi kerak.

Oliy ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda aholiga ko‘mir yetkazib berish ishlari 1-dekabrga qadar yakunlanishi kerak.