O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi budjetnoma loyihasida 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi.

2025-yil uchun daromad solig‘i (15 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), ijtimoiy soliq (budjet tashkilotlari — 25 foiz, boshqalar — 12 foiz), aylanmadan soliq bo‘yicha amaldagi stavkalar saqlanib qoladi. Shuningdek, avtomobillarning mamlakat bo‘ylab tranziti uchun yig‘im va spirtli ichimliklarni sotish huquqi uchun yig‘im ham o‘zgarishsiz qolishi kutilyapti.

Bundan tashqari, QQS (12 foiz), qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘i (0,95 foiz), yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i (1,5 foiz), qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suv hajmiga soliqlar (100 so‘m) stavkalari ham o‘zgarishsiz qoldirilmoqda. Shuningdek, hisoblagichlar va suvni tejovchi texnologiyalar mavjud bo‘lmaganda tarifga 1,1 baravar oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanishi kutilmoqda (hozirda 1,5).

O‘zgarishlar

2025-yil 1-yanvardan filtrli sigaretlarga aksiz solig‘ining 10 foizlik advalor qismini bekor qilish va ichki bozor uchun stavkani 19,7 foizga — 300 ming so‘mgacha (hozir — 250,7 ming so‘m), import qilinadigan sigaretlar uchun — 330 ming so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda (+1,5 foiz, hozir — 325 ming so‘m). 2025-yil 1-iyuldan boshlab esa import qilingan va mahalliy sigaret uchun aksiz solig‘i stavkalarini birxillashtirib, ming donasi uchun 340 ming so‘m miqdorida belgilash taklif etilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur chora sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq aksiz solig‘i stavkalarini birxillashtirishga qaratilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sigaretlar narxidagi aksiz solig‘i ulushini 60 foizgacha oshirishni tavsiya qiladi. Soliq oshirilganidan so‘ng u bir quti o‘rtacha sigaret narxining 34 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

1-yanvardan boshlab boshqa tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘ini oshirish taklif qilinmoqda: tarkibida nikotin bo‘lgan suyuqliklar (veyplar) uchun qariyb 3 baravar — 1 ml uchun 2000 so‘mgacha (hozir 670 so‘m), sigaralar uchun — donasiga 20 ming so‘mgacha (hozir 6400 so‘m), qizdiriladigan tamaki uchun — kilogrammiga 450 ming so‘mgacha (hozir 382 ming so‘m), chekiladigan, o‘rama va chilim uchun tamaki mahsulotlariga — 1 kg uchun 600 ming so‘mgacha (hozir 382 ming so‘m).

1-yanvardan boshlab mahalliy alkogolli mahsulotlar (aroq, konyak va boshqalar) uchun aksiz solig‘i stavkasi 10 foizga indeksatsiya qilinib, 1 litr spirt uchun 44 ming so‘mni (hozir 40 ming so‘m) tashkil etadi, import qilinadigan tovarlar uchun esa 25 foizga — 101,5 ming so‘mdan 76 ming so‘mgacha kamaytiriladi.

Mahalliy va import qilinadigan etil spirtiga aksiz solig‘i unifikatsiya qilinadi va litri uchun 15 ming so‘mni tashkil etadi (hozir 14,9 ming so‘m va 70 foiz). Shuningdek, don distillyatiga va texnik spirtni olish uchun sarflangan etil spirtining boshlang‘ich fraksiyasi uchun aksiz solig‘ini hisoblash aniqlashtirilmoqda. Don distillyati bo‘yicha standartga muvofiq, u 52 foiz hajmli etil spirtini o‘zida aks ettiradi.

Vinolar stavkalari ham birxillashtirilishi rejalashtirilgan. Tabiiy vinolar uchun mahalliy vinolarga aksiz solig‘i 1 litr uchun 5000 so‘m (hozir 1 so‘m), import vinolari uchun — 14 ming so‘m (hozir 28,5 ming so‘m) bo‘ladi. Boshqa mahalliy vinolar uchun soliq 6 ming so‘m (hozir 2310 so‘m), import qilingan vinolar uchun 20 ming so‘m (hozir 40,6 ming so‘m) etib belgilangan.

Pivoga aksiz solig‘i mahalliy pivo uchun litriga 2000 so‘m, import pivo uchun — 6000 so‘m miqdorida belgilanishi rejalashtirilgan. Hozir bu stavkalar 1628 so‘m va 50 foiz (lekin kamida 12,2 ming so‘m)ni tashkil etadi.

1-apreldan neft mahsulotlari (benzin, aviakerosin, dizel yonilg‘isi, ekologik toza dizel yonilg‘isi), dvigatel moylari hamda suyultirilgan va siqilgan gazga aksiz solig‘ini 10 foizga oshirish rejalashtirilgan, bu “ularning chakana narxlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi”, deyiladi loyihada.

1-apreldan aksiz solig‘ini tarkibida shakar bo‘lgan barcha alkogolsiz ichimliklarga qo‘llash taklif qilinmoqda. Gazsiz shirin choylar, meva sharbatlari, sanoat usulida ishlab chiqariladigan kompotlar va tarkibida shakar bo‘lgan boshqa gazsiz shirin ichimliklar (morslar, limonadlar, kvaslar) uchun litriga 500 so‘m aksiz solig‘ini joriy etish rejalashtirilyapti.

Tarkibida shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalari bo‘lgan gazlangan va gazsiz ichimliklar uchun aksiz solig‘ini 1 litri uchun amaldagi 500 so‘mdan 300 so‘mgacha kamaytirish taklif etilmoqda. Gap shakar o‘rniga shakar o‘rnini bosuvchi moddalar ishlatib tayyorlanadigan diyetik gazli ichimliklar haqida bormoqda.

1-yanvardan suvdan foydalanuvchilar, jumladan, elektr stansiyalari, kommunal xizmatlar, pivo va vinodan tashqari alkogolsiz va alkogolli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar hamda sanoat korxonalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 10 foizga oshirish taklif qilinmoqda. Prezidentning 2023-yil 1-apreldagi (PQ-107) qaroriga muvofiq, boshqa tarmoqlar uchun suv solig‘i stavkalari sanoat uchun belgilangan tariflar bilan bosqichma-bosqich unifikatsiya qilinadi.

Avtomobillarni yuvishda foydalaniladigan suv uchun soliq stavkasi 5,5 baravar oshiriladi — 1 kubometr uchun 2700 dan 15 ming so‘mgacha.

Qazilma boyliklarida soliq ulushi uning xarid narxiga nisbatan juda pastligini inobatga olib marmar, granit, tabiiy bezaktosh, qum-shag‘al aralashmasi (shu jumladan, qurilish qumi va qumtoshlar) uchun alohida soliq stavkalarini belgilash taklif etilyapti.

Bundan tashqari, kon-kimyo xomashyosi hamda boshqa noruda qurilish materiallari uchun qazib olingan hajmga belgilangan qat’iy stavkalar 10 foizga indeksatsiya qilinishi kutilmoqda.

1-yanvardan mahalliy budjet daromadlarini oshirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarning turar va noturar ko‘chmas mulk obyektlariga solinadigan mol-mulk solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda (Kengashlar 0,5 gacha pasayuvchi koeffitsiyent qo‘llashi mumkin).

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar uchun yer solig‘ining bazaviy stavkalarini 10 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tovarlar, ishlar va xizmatlar elektron savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar (marketpleyslar) uchun foyda solig‘i stavkasini 7,5 foizdan 10 foizga, aylanmadan soliq stavkasini 2 foizdan 3 foizga oshirish taklif etilmoqda. 2023-yilda bunday tadbirkorlarning elektron tijorat doirasidagi umumiy aylanmasi 3,6 trln so‘mni (2022-yilda — 3 trln so‘m) tashkil etgan. Soliq imtiyozlari daromad solig‘i bo‘yicha 20,1 mlrd so‘mni (2022-yilda — 25,1 mlrd so‘m), aylanmadan soliq bo‘yicha esa — 1,9 mlrd so‘mni (2022-yilda — 1 mlrd so‘m) tashkil etgandi.

2025-yil 1-yanvardan mobil aloqa xizmatlariga aksiz solig‘i bekor qilinadi.

Shuningdek, import qilingan tabiiy gazni iste’molchilarga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i solinmasligi bo‘yicha tartibni bekor qilgan holda, aksiz solig‘i stavkasini 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda. Ya’ni import qilingan tabiiy gazni realizatsiya qilishda ichki qazib olingan tabiiy gaz bilan bir xil tartibda aksiz solig‘iga tortish taklif etilmoqda.

2023-yilda joriy etilgan aylanmadan olinadigan qat’iy soliq stavkalarini oshirish rejalashtirilgan. Ular 2026-yil 1-yanvargacha amal qiladi (bungacha ular muddatsiz joriy qilingandi). To‘lovlar miqdori:

Yillik aylanmasi, mln so‘m

Amaldagi stavka, mln so‘m

Taklif etilayotgan stavka, mln so‘m

500 gacha

25

34

500 — 1000

30

40

Moliyachi Otabek Bakirov kichik biznes subyektlari orasida eng ommabop bo‘lgan aylanmadan qat’iy belgilangan soliqni bekor qilishga bu urinish birinchisi emasligini ta’kidladi.

“Shu yil bahorda ham yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash choralari bahonasida tadbirkorlar uchun eng qulay soliq mexanizmini tugatishga urinib ko‘rilgandi. O‘shanda tashabbuskorlarning urinishi jamoatchilikning e’tirozlari tufayli chippakka chiqqandi. Eslatib o‘tamiz, biznes faollikni boshlash va mavjud faoliyatni oqartirish uchun ko‘prik vazifasini bajarayotgan ushbu mexanizmni 2 yil avval davlat rahbarining o‘zi taklif etgan edi”, — dedi u.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarini 10 foizga oshirish, shuningdek, faoliyat turi va hududiga qarab minimal va maksimal stavkalarni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Jami yillik daromadi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning xodimlariga oylik ish haqidan 12 foiz stavkadagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini yoki yakka tartibdagi tadbirkor uchun belgilangan qat’iy daromad solig‘ining 50 foizini to‘lash imkoniyati berilmoqda.

Bozorlar va savdo majmualarida ishlayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning xodimlari uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq boshqa joylarda ishlayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlarniki kabi 1 BHMga (375 ming so‘m) tushiriladi (hozir 6 BHM, ya’ni 2,2 mln so‘m).

Mol-mulkini ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun ijaraning eng kam stavkalari 10−12 foizga oshadi:

  • Toshkent shahrida turar joy binolarining 1 kvadrati uchun 28 ming so‘m, viloyat markazlarida — 13 ming so‘m, boshqa hududlarda — 5500 so‘m;
  • Toshkent shahrida noturarjoy binolarining 1 kvadrati uchun 45 ming so‘m, viloyat markazlarida — 26,5 ming so‘m, boshqa hududlarda — 11 ming so‘m;
  • yengil avtomobillar uchun oylik minimal ijara haqi (haydovchi o‘rindig‘idan tashqari o‘rinlar soni 8 tadan ortiq bo‘lmagan avtotransport vositalari uchun) — 858 ming so‘m, mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari uchun — 1,705 mln so‘m.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasidagi yuridik shaxslar uchun QQSning jami summasi o‘rnini tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibini (7 kun) umumiy tartibga (30 kun) o‘tkazish taklif etilmoqda. Soliq to‘lovchilar toifasidan qat’i nazar, QQS bo‘yicha salbiy farq summasining barcha soliq to‘lovchilar uchun bir xilda qoplab berilishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, yirik soliq to‘lovchilar tovarlarni import qilishda QQS summasini o‘zaro hisobga olish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatini saqlab qoladi.

Imtiyozlarni bekor qilish

1-yanvardan boshlab yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha QQS imtiyozlarini bekor qilish taklif etilmoqda. 2023-yilda 100 ta subyekt 46,8 mlrd so‘mlik shunday QQS imtiyozidan foydalangan. Imtiyozni bekor qilish QQS zanjirining yaxlitligi va uzluksizligini ta’minlashi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Gruziya, Tojikiston va Singapurda bunday imtiyozlar mavjud emas.

Yagona tariflar bo‘yicha yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun QQS imtiyozi ham bekor qilinadi. Hozirda ular shahar jamoat transportida (taksilardan, shu jumladan, yo‘nalishli taksilardan tashqari) va shaharlararo poyezdlarda yo‘lovchi tashish uchun qo‘llanadi.

2023-yilda 160 ta korxonaga 77,2 mlrd so‘mlik imtiyozlar berilgan, bu esa “ular tomonidan sotib olingan tovarlar (transport vositalari, yoqilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari va h.k.) uchun to‘langan QQS summasini hisobga olish imkoniyatini cheklamoqda”. Qayd etilishicha, Qozog‘iston, Tojikiston va Singapurda bunday imtiyozlar mavjud emas.

JSTning subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi kelishuviga muvofiq, tovar va xizmatlar eksportchilari va reeksportchilari uchun daromad solig‘i va aylanmadan soliq bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish taklif etilmoqda. Nol soliq stavkasi tufayli eksport qiluvchi kompaniyalar ixtiyorida 2022-yilda 971,8 mlrd so‘m, 2023-yilda esa 1,12 trln so‘m qolgan. Aylanmadan soliq imtiyozlari eksportyorlarga 2022-yilda 11,7 mlrd so‘m, 2023-yilda 14,4 mlrd so‘mni tejash imkonini bergan.

Kengashlarning vakolatlarini kengaytirish

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri kengashlariga Soliq kodeksining 383-moddasida o‘rnatilgan qat’iy soliq stavkalarining eng kam va eng yuqori stavkalari (diapazoni) doirasida tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilash vakolati berilmoqda.

Masalan, Farg‘ona viloyatidagi Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarining iqtisodiy sharoitlari viloyat markazi hisoblangan Farg‘ona shahri bilan deyarli bir xil. Biroq Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qiluvchi YATT oyiga 363 ming so‘m soliq to‘lasa, Farg‘ona shahridagi xuddi shunday tadbirkor oyiga 726 ming so‘m soliq to‘lamoqda. Agar hujjat tasdiqlansa, misol uchun, Farg‘ona viloyati xalq deputatlari kengashi Marg‘ilon yoki Qo‘qon shaharlarida faoliyat yurituvchi YATTlar uchun soliq miqdorini Farg‘ona shahridagi YATTlar uchun o‘rnatilgan soliq miqdoriga yaqinlashtirish vakolatiga ega bo‘ladi, bu esa mahalliy budjet daromadlarini oshiradi.

Kengashlar, shuningdek, soliq solish maqsadida qo‘llanadigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 kv metr uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlarga nisbatan 2 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llashi mumkin bo‘ladi. Xususan, Toshkent shahrida ushbu koeffitsiyentni yer solig‘i kabi zonalar kesimida qo‘llash vakolatini berish taklif etilmoqda.

Tumanlar (shaharlar) mahalliy kengashlariga suv solig‘i stavkasiga 0,7 gacha kamaytiruvchi va 1,5 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash (qishloq xo‘jaligi, elektr stansiyalari, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari va ro‘yxati prezident qarori bilan tasdiqlanadigan yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno) vakolati berilmoqda.

Tuman va shaharlarning mahalliy kengashlariga noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qat’iy stavkaning 1,3 barobarigacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash vakolatini berish ham taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 18-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda yangi soliq imtiyozlarini joriy etish tartibi o‘zgartirilgandi. 2025-yildan boshlab ular kiritilgan paytdan boshlab emas, balki keyingi yilning boshidan kuchga kiradi.