Siyosat
“Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizni katta umid bilan kutmoqda”. Prezident — saylangan deputatlarga
Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda 27-oktabrda o‘tgan parlament saylovi haqida gapirdi. “Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar a’zolaridan ko‘p narsani kutmoqda”, dedi prezident.
Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 63 nafari qayta saylandi. Ro‘yxat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 63 nafari (42 foizi) quyi palataning beshinchi chaqirig‘iga qayta saylandi (avvalgi saylovda 27 foiz edi). Avvalgi chaqiriqda Senat a’zosi bo‘lganlar orasida parlament quyi palatasiga saylanganlar ham bor. “Gazeta.uz” to‘liq ro‘yxatni e’lon qiladi.
Iqtisodiyot
Navoiy viloyatida 3 ta korxona ishga tushirilib, 12 ta loyihaning qurilishi boshlandi
Prezident Navoiy viloyatida yangi loyihalarni ishga tushirish marosimida qatnashdi. Xususan, Konimexda yonuvchi slanetslarni qazish va qayta ishlash, Karmanada quyosh foto elektr stansiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimi loyihalari qurilishi boshlandi. Navoiy shahrida paxta sellyulozasi korxonasi ishga tushdi.
Targetga erishish muddati makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik maqsadida uzaytirildi — MB
Markaziy bank 5 foizlik inflyatsiya bo‘yicha targetga erishish muddatini uchinchi bor kechiktirdi. MB raisi barqaror institutsional sharoit yaratmay turib, yalpi talabni cheklovchi keskin choralar ko‘rish iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi.
Partiya ro‘yxati bo‘yicha deputatlikka saylangan barcha vazirlar deputatlik mandatidan voz kechdi
Partiya ro‘yxati bo‘yicha deputatlikka saylangan bosh vazir o‘rinbosari, vazir yoki davlat organi rahbarlarining birortasi ham Qonunchilik palatasi deputati bo‘lish uchun o‘z lavozimini tark etmaydigan bo‘ldi.
Valyuta kursi 1 foizga qadrsizlanishi inflyatsiyaga 0,3−0,4 foiz punkti darajasida ta’sir qilishi mumkin — MB
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyator hisob-kitoblariga ko‘ra, valyuta kursi 1 foizga qadrsizlanishi inflyatsiyaga 0,3−0,4 foiz punkti darajasida ta’sir qilishi mumkinligini aytdi. U, shuningdek, kelasi yil oltin narxi hozirgidan qisman pasayishi kutilayotganini ta’kidladi.
Oktabr oyida inflyatsiya kamida 14 yil ichida birinchi marta 1 foizdan past bo‘ldi
Oktabrda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 0,84 foizni tashkil qildi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu oydagi inflyatsiya 2010-yildan beri hech qachon 1 foizdan pastga tushmagan. Yillik inflyatsiya 10,24 foizgacha pasaydi. Oy davomida go‘sht (1,2 foiz), pomidor (16,5), bodring (33,2) qimmatladi.
Jamiyat
Boyovut hokimi Dilfuza Uralova paxta “plan"ini bajarmagan fermerni haqoratladi
Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova paxta “plan"ini bajarmagan fermerni haqoratladi. Yozib olingan audioga ko‘ra, Uralova IIBga hokimni qamab qo‘yishni buyurganini ham eshitish mumkin. Unga intizomiy jazo ko‘rish bo‘yicha viloyat hokimiga taqdimnoma kiritildi.
Taksi haydovchisiga pichoq bilan hujum qilgan ikki talaba 7 va 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Toshkent yaqinidagi dalada Yandex Go haydovchisiga pichoq bilan hujum qilgan ikki talaba 7 va 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sudda ulardan biri qarzlari tufayli jinoyatni rejalashtirganlarini ma’lum qildi.
Samarqandda 41 yoshli erkak o‘zini yuk mashinasi ostiga tashlab, vafot etdi
Samarqandning Paxtachi tumanida ruhiy kasal erkak o‘zini yuk mashinasiga ostiga tashlab, joniga qasd qildi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi
Prezident Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Maqsad — aniq va tabiiy fanlar, IT, iqtisodiyot, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash.
Andijonda 24 yoshli yigit ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi
Andijon shahrida 24 yoshli yigit o‘zini yoqib yuborib, joniga qasd qilishga urindi. U kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Salonni erkak va ayollar uchun ikkiga ajratgan avtobus haydovchisi intizomiy jazoga tortildi
Samarqandda avtobusga “Ayollar oldinda, erkaklar orqada” plakatini osib qo‘ygan avtobus haydovchisi intizomiy jazoga tortildi. Yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi korxona haydovchilari bilan bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida suhbat o‘tkazildi.
Toshkent viloyatida bir oilaning ikki a’zosi is gazidan vafot etdi
Toshkent viloyati Bekobod tumanida ota va o‘g‘il is gazidan zaharlanib vafot etdi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Prezident Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida prezident sovg‘asi uchun tanlov tashkil etiladi. Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey ochiladi.
Andijonda hojatxonaga tushib ketgan 1 yoshli qizcha qutqarildi
Andijonning Asaka tumanida 1 yoshli qizaloq hojatxonaga tushib ketdi. FVB qutqaruvchilari qizni chuqurdan olib chiqdi.
Dam olish kunlari havo iliq bo‘ladi
2−3-noyabr kunlari O‘zbekiston bo‘ylab asosan quruq ob-havo kuzatiladi. Shanba kuni ba’zi hududlarda qisqa yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Yakshanba kuni harorat +25 darajagacha isishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘istonda Lacetti kanalga tushib ketishi oqibatida uch kishi vafot etdi
Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida mast haydovchi boshqaruvidagi Lacetti kanalga tushib ketdi. Oqibatda ikki yo‘lovchi voqea joyida, yana biri shifoxonada vafot etdi.
Qoraqalpog‘istonda ikkita korxona 1,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi
Qoraqalpog‘istonda ikkita korxona umumfoydalanishdagi tarmoqqa noqonuniy ulanish orqali 1,5 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlagani aniqlandi. Toshkentda ishlab chiqarish sexi 578 mln so‘m zarar yetkazdi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari ochildi.
Zarafshon aeroporti qayta ishga tushirilishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritishni topshirdi.
Chirchiq daryosida qum-shag‘al qazigan tashkilot 274 mlrd so‘m to‘laydigan bo‘ldi
Toshkent viloyatidagi Chirchiq daryosi bo‘yida qum-shag‘al aralashmasi qazib olgan xususiy tashkilot tabiatga 273 mlrd 802 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. U avval ham shu qonunbuzarligi uchun javobgarlikka tortilgan.
Dam olish kunlari Toshkentda qayerlarga borish mumkin? (2−3-noyabr)
To‘qqizta kinopremera, Amerika sirki tomoshasi, ko‘rgazma va yarmarkalar, bolalar hamda kattalar uchun ijodiy mahorat darslari, shuningdek, kelayotgan dam olish kunlarida o‘tkaziladigan boshqa tadbirlar.
Samarqandda isitish mavsumi 1-noyabrdan boshlandi
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1-noyabrdan boshlandi. Gaz va elektr ta’minoti korxonalariga qozonxonalar, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
1-noyabrdan “Paxtakor” metro bekatining eskalator o‘rnatilgan tomoni vaqtincha yopiladi
“Paxtakor” metro bekatidagi eskirgan eskalator yangilanishi sababli 1-noyabrdan bekatning eskalator o‘rnatilgan tomoni vaqtincha yopiladi. Jarayon qachon tugashi ma’lum emas. Metropoliten undan so‘ng Chilonzor yo‘nalishidagi “Mustaqillik maydoni” va “Hamid Olimjon” bekatlaridagi eskalatorlarni ham yangilaydi.
Kameradalarda qayd etilgan yo‘l qoidasi buzilgani videosi 48 soat ichida YHXXga yuborilishi kerak
Foto va videokuzatuv vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi to‘g‘risidagi ishlar 48 soat ichida YHXXga yuborilishi kerak, aks holda haydovchi javobgarlikka tortilmaydi. IIV ma’lumotlar bir necha kundan keyin, hatto bir necha oydan keyin ham kelishi mumkinligini ta’kidlagandi edi.
O‘zbekiston orqali tamaki tranziti uchun talablar belgilandi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tamaki mahsulotlarining O‘zbekiston orqali tranzitini amalga oshirish uchun yangi talablar joriy etildi.
Sport
“Nasaf” birinchi marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
“Nasaf” O‘zbekiston Superligasida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini safarda 1:0 hisobida mag‘lub etib, chempionat yakunlanishiga uch tur qolganida musobaqa g‘olibligini rasmiylashtirdi. 2001-yildan beri birinchi marta poytaxtniki bo‘lmagan klub futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.
Jahon
Rossiyada migrantlarning rus tilini bilmaydigan farzandlarini maktabga olmaslik taklif qilindi
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev migrantlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini maktabga qabul qilmaslikka chaqirdi. Hozir bundan umumiy ta’lim darajasi aziyat chekmoqda, dedi u.
Ispaniyada toshqin qurbonlari soni 150 kishidan oshdi
Ispaniya sharqida kuzatilgan suv toshqinlari qurbonlari soni 150 kishidan oshdi. Valensiyadagi kuchli yomg‘irlar avtomobillar, ko‘priklar, yo‘llar va temiryo‘llarni yuvib ketdi.
Turkiya “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilishni rejalashtirmoqda — Bloomberg
Turkiya hukumati “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilmoqchi, uni buzganlik uchun yetti yilgacha qamoq jazosi nazarda tutiladi. Fuqarolik jamiyati, OAV va muxolifat qonunning o‘zgacha fikrlarni bostirish uchun foydalanilishidan xavotirda.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!