Samarqandda avtobusda “Ayollar oldinda, erkaklar orqada” plakatini osib qo‘ygan avtobus haydovchisi A.R. intizomiy javobgarlikka tortildi. Kecha ijtimoiy tarmoqlarda plakat suratlari paydo bo‘ldi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasining xabar berishicha, 22-yo‘nalish avtobusida (davlat raqami 30/306 WBA) osilgan plakat “yo‘lovchilarning erkin harakatlanishini cheklagan”. Tashkilot tomonidan chop etilgan fotosuratda plakat rasmiy shaxslar ishtirokida yirtilgani ko‘rinadi.
Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi “Dilshodtransservis” korxonasi haydovchilari bilan suhbat o‘tkazildi. Haydovchilarning vazifalari va ularga qo‘yiladigan talablar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.
Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, yo‘lovchilar hayoti uchun xavfli vaziyatlardan qochish, ular bilan xushmuomalalik bilan muloqot qilish va boshqalar shular jumlasidan.
Muhokama chog‘ida ko‘p yillik tajribaga ega haydovchilar yosh hamkasblariga o‘z maslahatlarini berdi, deyiladi boshqarma xabarida.
Haydovchi qanday jazoga tortilganiga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189−2-moddasiga ko‘ra, жинс bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish, shu jumladan, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish BHMning 10 dan 20 baravarigacha miqdorda (3,75 milliondan 7,5 million so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.