Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 29-oktabr kuni og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda “Ovoza” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 02:20 atrofida haydovchi mast holatda Lacetti rusumli avtomashinani boshqarib borayotib, yo‘l chetidagi kanalga tushib ketgan.
Oqibatda mashinaning orqa qismida o‘tirgan ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir nafar yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan. Ular 21−22 yoshda bo‘lgan.
Tirik qolgan haydovchi va yana ikki yo‘lovchiga bosh miya, ko‘krak qafasi qisilishi, suvda cho‘kish kabi tashxislar qo‘yilgan.
Halokat besh metr kenglikdagi ichki tuproq yo‘lda sodir bo‘lgan. Ushbu yo‘l yoritish qurilmalari bilan jihozlanmagan va yo‘l belgilari o‘rnatilmagan, deyiladi xabarda.
Yuz bergan voqea yuzasidan Beruniy tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.