Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilinadi. Bu taklifni Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilishda berdi.
Prezident Navoiy viloyatini mamlakatning ma’naviy brendiga aylanishi zarurligi ta’kidladi.
2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb e’lon qilinib, shu asosda ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shu tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, yangi — 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.
Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.
Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etiladi.