Toshkent metropoliteni metro bekatlardagi eskirgan eskalatorlarni yangisiga almashtirish rejasini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Tashkilot xabariga ko‘ra, 1-noyabr sanasidan “Paxtakor” bekatining eskalator o‘rnatilgan tomoni ham vaqtincha yopiladi.
Metro bekatida mavjud eskalatorlar yangisiga almashtiriladi, hududda demontaj va montaj ishlari boshlanadi.
Eskalatorni yangilash ishlari tugash muddati aniq emas. Ish jarayonlarining texnik holatiga qarab qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, metropoliten eskirgan eskalatorlarni yangisiga almashtirishni fevral oyida “Xalqlar do‘stligi” metro bekatidan boshladi. Qurilish 4-sentabrda bitdi. Undan so‘ng “Novza” metro bekatining ikkinchi vestibyulidagi eskalatorni almashtirish ishlari boshlandi, jarayon davom etmoqda.
Metropoliten bosqichma-bosqich Chilonzor yo‘nalishidagi “Mustaqillik maydoni” va “Hamid Olimjon” bekatlarida eskirgan eskalatorlarni yangisiga almashtiradi. Hozirda tashkilot eskalatorlar xaridiga elektron tender e’lon qilgan.