O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahrida o‘tkazgan yig‘ilishida yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari haqida gapirdi. Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov uning iqtiboslarini keltirmoqda.

“Ushbu saylov Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan tub islohotlar samarasini o‘zida yaqqol aks ettirdi, demokratik taraqqiyotimizning yorqin ifodasi sifatida hayotimizda o‘chmas iz qoldirdi, dedi prezident.

U O‘zbekiston fuqarolariga yuksak siyosiy madaniyati va faolligi, shuningdek, fuqarolik burchini mas’uliyat bilan bajarayotgani uchun minnatdorlik bildirib, xalq vakili degan yuksak maqomga ega bo‘lgan barchani tabrikladi.

Saylov natijasida yurtimizda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan yangi vakillik organlari tizimi ham shakllangani ta’kidlandi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Shu tariqa mamlakatimiz demokratik taraqqiyotning yangi davriga, sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda”, — dedi u.

“Biz barcha bo‘g‘indagi deputatlarimiz timsolida zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglaydigan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida o‘zini ayamasdan tinimsiz harakat qiladigan, bor bilim va tajribasini Vatan ravnaqi uchun safarbar etadigan fidoyi insonlarni tasavvur qilamiz, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, u partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida fuqarolarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari, mavjud muammolarni hal etish yo‘llari o‘z ifodasini topganini ta’kidladi.

“Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar a’zolaridan ko‘p narsani kutmoqda”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev deputatlar oldida turgan muhim vazifalarni bajarishda kuch-quvvat, muvaffaqiyat va omad tiladi.