Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan O‘zbekiston bosh vazirining barcha o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat organlari rahbarlari o‘z deputatlik mandatlaridan voz kechdi. Bu Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan deputatlarning yakuniy ro‘yxatidan kelib chiqadi. “Gazeta.uz” ro‘yxatni o‘rganib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, deputatlar saylovi ilk bor majoritar-proporsional (aralash) tizim bo‘yicha o‘tkazildi. 75 deputat bir mandatli saylov okruglaridan (aniq nomzod uchun ovoz berish), yana 75 deputat partiya ro‘yxatlari bo‘yicha yagona saylov okrugidan (partiyaga ovoz berish) saylandi.

Proporsional tizimda partiyalar partiya ro‘yxatini tuzadi, nomzodlar esa qaysi deputatlik o‘rinlarini egallashiga qarab Qonunchilik palatasiga kiradi. Barcha partiyalarning ro‘yxatidan bir qancha hukumat a’zolari yoki boshqa davlat xizmatchilari ham o‘rin olgan:

  • Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev — O‘zLiDeP (2-o‘rin);
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova — O‘zLiDeP (3-o‘rin);
  • Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Rahim Hakimov — O‘zLiDeP (4-o‘rin);
  • Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov — O‘zLiDeP (6-o‘rin);
  • Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev — O‘zLiDeP (7-o‘rin);
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov — Ekologik partiya (4-o‘rin);
  • Adliya vaziri Akbar Toshqulov — “Adolat” (4-o‘rin);
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov — “Adolat” (6-o‘rin);
  • Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev — “Milliy tiklanish” (4-o‘rin);
  • Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov — “Milliy tiklanish” (6-o‘rin);
  • Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Maxkamova — O‘zXDP (3-o‘rin);
  • Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov — O‘zXDP (4-o‘rin).

Saylov kodeksining 96−1-moddasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar bu haqda xabar olgan kundan e’tiboran besh kunlik muddat ichida Markaziy saylov komissiyasini o‘z vakolatlari maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalarni bajarishdan voz kechgani to‘g‘risida yozma ravishda ma’lum qilishi shart.

Saylov kodeksining 74−2-moddasiga ko‘ra, agar nomzod deputatlik mandatidan bosh tortsa, MSK partiya ro‘yxatidan keyingi navbatdagi nomzodga bildirishnoma yuboradi.

Biroq ushbu vazirlarning barchasi, bosh vazir o‘rinbosarlari, Savdo-sanoat palatasi rahbari, agentlik rahbarlari deputatlik mandatlaridan bosh tortdi. Ushbu ro‘yxatdan birgina prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, avvalroq uchinchi chaqiriq (2015−2019) deputati bo‘lgan Rahim Hakimov ushbu ro‘yxatdan parlament deputati bo‘lishga rozi bo‘ldi.

“Gazeta.uz”ning hisob-kitoblariga ko‘ra, beshinchi chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 63 nafari (avvalgi saylovlarda 27 foiz o‘rniga 42 foiz) qayta saylangan. O‘tgan chaqiriq Senat a’zolari ham parlament quyi palatasiga a’zo bo‘ldi.