Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev muhojirlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini maktablarga qabul qilishni to‘xtatish vaqti kelganini aytdi, deb xabar bermoqda RBK.

Chunki bu umumiy ta’lim darajasiga ta’sir qiladi, deydi sobiq prezident.

“Ijtimoiy vazifalar o‘rin olgan maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida tez-tez muhokama qilinadigan bir holat mavjud. Bunday vaziyat rus tilini deyarli bilmaydigan bolalar u yerlarga borganida yuzaga keladi. Bundan umumiy ta’lim darajasi aziyat chekmoqda. Bu hammaga ma’lum va bunga barham berish vaqti keldi”, — dedi u.

O‘zbekiston Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov bu taklifga munosabat bildirdi. “Bolalarga qilinadigan bu shafqatsizlik kelajakda rus tiliga munosabatni shakllantiradi”, — deb yozdi Qodirov.

“O‘zbekistonda rus tilini ommalashtirishga yo‘naltirilayotgan samarasiz mablag‘lar Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga rus tilini o‘rgatishga ishlatilsa, samarasi ko‘proq bo‘ladi”, — deb qo‘shimcha qildi u.

22-oktabr kuni Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov rus tilini yaxshi bilmaydigan migrantlar farzandlarini imkoniyati cheklangan bolalar bilan tenglashtirishni taklif qilgandi.

2024-yil sentabr oyida Ta’lim vazirligi maktab va bog‘chalarga rus tilini yaxshi bilmaydigan muhojir bolalarni sinf va guruhlarga qabul qilishda ularning sonini uchtagacha cheklashni tavsiya etgan. O‘shanda vazirlik hujjatida bunday bolalarni samarali o‘qitish “sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolani o‘qitishdan oson emasligi aniq”ligi aytilgandi.