Ispaniya sharqidagi Valensiya avtonom hamjamiyatida halokatli suv toshqinlari qurbonlari soni 158 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda Reuters. O‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Mamlakat rasmiylari avvalroq 31-oktabrdan 2-noyabrgacha motam e’lon qilgandi.
30-oktabr kuni kuchli yomg‘ir oqibatida suv toshqini sodir bo‘ldi. Hududning ayrim qismlarida bir yillik yog‘ingarchilik miqdori bor-yo‘g‘i sakkiz soatda kuzatilib ulgurdi. Suv avtomobillarni, ko‘priklar, yo‘llar va temiryo‘llarni yuvib ketdi.
Valensiyaning qishloq xo‘jaligi yerlari ham zararlangan: mintaqaga Ispaniya sitrus mevalarining deyarli uchdan ikki qismi to‘g‘ri keladi, apelsinning eng yirik eksportchilaridan biridir.
Elektr liniyalari uzilib qolgan, kuchli shamol tufayli 155 mingga yaqin uy elektrsiz qoldi.
Qutqaruv operatsiyasida o‘t o‘chiruvchilar, politsiya xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlaridan tashqari 1000 dan ortiq askar ishtirok etmoqda. Qidiruv ishlarida dronlardan foydalanilmoqda.