Turkiya parlamenti yaqin kunlarda “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qiladi. Fuqarolik jamiyati va media guruhlari uning o‘zgacha fikrlarni bostirish uchun foydalanilishidan xavotirda, deb yozadi Bloomberg.
Jurnalistlar tanishib chiqqan loyihaga ko‘ra, qonun chet davlat yoki tashkilotning ta’siri yoki buyrug‘i bilan “davlat xavfsizligi, uning ichki yoki tashqi siyosiy manfaatlariga qarshi ishlayotganlarga” qarshi qaratilgan bo‘ladi, deb yozadi agentlik. Qonunni buzganlik uchun eng qattiq jazo — yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda sud ekspertlari va jurnalistlar qonunning noaniqligi va keng ifodalanishidan xavotir bildirgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat ushbu noaniqlikdan hukumatga nisbatan har qanday tanqidni bostirish uchun foydalanishi mumkin.
Bloomberg`ning ta’kidlashicha, qonun loyihasi yaqinda Gruziyada qabul qilingan va G‘arb davlatlarining ommaviy noroziliklari va qoralashlariga sabab bo‘lgan qonunga o‘xshaydi. U, o‘z navbatida, Rossiyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunini eslatadi, deyiladi maqolada.
Muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasi deputati Inan Akgyun Alpning Bloomberg`ga ma’lum qilishicha, qonun loyihasi “ko‘proq repressiv muhit” uchun zamin yaratadi. “Bu juda jiddiy avtoritar qonun”, — deydi u.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an va uning hukumati so‘nggi yillarda turli qonunlar yordamida so‘z erkinligini cheklab qo‘ydi, deb yozadi agentlik. Erdog‘an mamlakat rahbari lavozimini egallagan o‘n yil davomida minglab odamlar prezidentni haqorat qilishda ayblanib, hibsga olingan yoki sudlangan.