Toshkentda 2-noyabr kuni yangi mehmonxona, biznes-markaz va turar-joy binolari quriladigan Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Loyiha Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi — Drezdendagi Postplatz maydoni, Berlindagi EDGE Suedkreuz majmuasi va boshqa ko‘plab inshootlarni rekonstruksiya qilgan muallif tomonidan ishlab chiqilgan.

2025-yilda boshlanadigan qurilish ishlari o‘zbekistonlik va xorijiy sarmoyadorlar konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha uch yarim yil davom etadi — majmua 2029-yilda ochilishi rejalashtirilgan.

tchoban voss architekten, тошкент, чорсу

Loyihaning qiymati 170 million AQSh dollaridan ortiq. Maydonni rekonstruksiya qilish 620 ish o‘rnini ta’minlab, Toshkent shahri fondiga qariyb 113 ming kvadrat metr turar-joy va tijorat ko‘chmas mulklarini qo‘shadi, deyiladi taqdimotda.

“Chorsu maydonining yangi qiyofasi poytaxtning Eski shahrini o‘zgartirib yuboradi. Bu yerda investitsiyalar va biznes uchun muhim jozibador nuqta paydo bo‘ladi. Bizning majmuamiz eng yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar ofislari uchun makonga aylanishini kutmoqdamiz. Yangi mehmonxona esa sayyohlarga eski Toshkentning qoq markazida eng yirik megapolislar darajasida qulay hayot tarzida yashash imkonini beradi”, — dedi loyiha ishlab chiquvchilar jamoasi rahbari Andrey Trebunskiy.

Ishlar davomida 2000-yillar boshida yopilgandan keyin taqdiri noma’lum bo‘lgan “Chorsu” mehmonxonasi binosi demontaj qilinadi. Jamoatchilikka taqdim etilgan bir nechta loyihalar amalga oshirilmadi, binoning texnik holati esa yillar davomida yomonlashdi.

Mehmonxona 1982-yilda me’mor Vladimir Spivak loyihasi bo‘yicha qurilgan va dastlab “Moskva” deb nomlangan.

2020-yilda Davaktiv agentligi mehmonxona binosini BAAning Ittihad International Investment kompaniyasiga ochiq savdo orqali 16,9 mlrd so‘mga sotgan. Hozirda o‘zbekistonlik va xorijiy investorlardan iborat konsorsium loyihada ishtirok etmaslikka qaror qilgan ushbu kompaniyadan obyektni sotib olish bo‘yicha bitimni yopish jarayonida. Bitim qiymati va investorlar guruhi tarkibi kelishuvga erishilgandan so‘ng e’lon qilinadi.

Oktabr oyida yakunlangan binoning texnik ekspertizasi shuni ko‘rsatdiki, yog‘ingarchilik va atrof-muhit ta’siri natijasida temir-beton konstruksiyalar jiddiy deformatsiyaga uchragan va qisman buzilgan. Armatura sterjenlari 20 foizgacha o‘z maydonini yo‘qotgan va korroziyaga uchragan. 14-qavat va undan yuqori bo‘lgan barcha ustunlar hisob-kitob talablariga javob bermaydi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, binoni rekonstruksiya qilish mumkin emas. U yaqinda sovet modernizmi davridagi binolar bilan to‘ldirilishi davomida madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilmagan va qo‘riqlanadigan maqomga ega emas.

tchoban voss architekten, тошкент, чорсу

Nemis arxitektorlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi majmuaning bosh binosi sobiq “Chorsu” mehmonxonasining umumiy ko‘rinishini saqlab qoladi. Toshkentning shahar landshaftida uning o‘rnini egallagan yangi baland bino Eski shaharning me’moriy dominantasiga aylanadi.

Loyihachilar joy va zamonga mos zamonaviy bino yaratish, shu bilan birga, o‘tmishga hurmat ko‘rsatish uchun muvozanatni izlamoqda, deb ta’kidlandi taqdimotda.

Yangi mehmonxonada 29 qavat, biznes-markazda 14 qavat bo‘ladi. Yangi binolardan birining foyesida “Chorsu” mehmonxonasi tarixi va uning me’moriy innovatsiyalariga bag‘ishlangan kichik muzey ochish rejalashtirilgan. Loyiha hozircha ishlab chiqish bosqichida.

Maydonni rekonstruksiya qilish loyihasi haqida “Gazeta.uz” keyinroq batafsil ma’lumot beradi.