O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga yangi saylangan deputatlarning o‘rtacha yoshi ularning o‘tmishdoshlariga qaraganda yuqoriroq bo‘ldi. Bu “Gazeta.uz” o‘rgangan ma’lumotlardan anglashiladi.

To‘rtinchi chaqiriq (2019−2024-yillar) palata deputatlarining o‘rtacha yoshi 46,4 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, yangi chaqiriq parlamentariylari uchun bu ko‘rsatkich 3 yoshga o‘sib, 49,5 yoshga yetdi. Barcha partiyalar uchun o‘rtacha yosh oshdi.

Deputatlar orasida ayollar soni 11 nafarga ko‘payib, 48 dan 57 nafarga yetdi, ularning ulushi 32 foizdan 38 foizga o‘sdi. Deputat ayollarning o‘rtacha yoshi 2,7 yoshga — 52,1 yoshgacha, erkaklarniki esa 2,8 yoshga — 47,9 yoshgacha ko‘tarildi.

Har bir partiyadagi erkaklar va ayollar soni:

  • O‘zLiDeP: 40 nafar erkak va 24 nafar ayol;
  • “Milliy tiklanish”: 21 nafar erkak va 8 nafar ayol;
  • O‘zXDP: 12 nafar erkak va 8 nafar ayol;
  • Ekologik partiya: 10 nafar erkak va 6 nafar ayol;
  • “Adolat”: 10 nafar erkak va 11 nafar ayol.

deputatlar, deputatlar yoshi, saylov-2024, қонунчилик palatasi

Eng “yoshi ulug‘” partiya O‘zXDP bo‘lib chiqdi — o‘rtacha yoshi 54,3 yosh (oldingi chaqiriqda 48,5 yosh edi). Undan keyingi o‘rinlarda “Adolat” partiyasi — 51,3 yosh (49,1) va Ekopartiya — 47,8 yosh (46,2) joylashdi.

Yetakchi O‘zLiDeP o‘rtacha 46,1 dan 48,6 yoshgacha “qaridi”. Eng “yosh” “Milliy tiklanish” fraksiyasi bo‘lib, uning o‘rtacha yoshi 47,76 yoshni tashkil etdi (avvalgi chaqiriqda 44 yosh).

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2 nafar deputatning yoshi 30 yoshdan kichik, 38,6 foizi 30 yoshdan 45 yoshgacha, 46,6 foizi 45 yoshdan 60 yoshgacha, 13,3 foizi 60 yoshdan oshgan.

deputatlar, deputatlar yoshi, saylov-2024, қонунчилик palatasi

Deputatlarning 12,7 foizi mamlakatda yashovchi boshqa millat vakillari: 5 nafari rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafari koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz.

Barcha deputatlar oliy ma’lumotli, ularning 15 foizi xorijiy davlatlarda tahsil olgan. Shundan 30 foiz iqtisodchilar, 22 foiz huquqshunoslar, 18,7 foiz pedagoglar, 12 foiz muhandislar, 9,3 foiz tibbiyot sohasi vakillari, 8 foiz madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlardir.

Deputatlarning 35 foizi ilmiy darajaga ega.

Birinchi marta 3 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs deputatlikka saylandi.

Parlament quyi palatasidagi o‘rinlar qanday o‘zgardi

Avval xabar qilinganidek, Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari yakunda partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:

  • O‘zLiDeP — 26 o‘rin;
  • “Milliy tiklanish” — 14 o‘rin;
  • XDP — 13 o‘rin;
  • “Adolat” — 12 o‘rin;
  • Ekologik partiya — 10 o‘rin.

Bir mandatli okruglar bo‘yicha (nomzod uchun ovoz berish) quyidagilar saylandi:

  • O‘zLiDePdan — 38 deputat;
  • “Milliy tiklanish”dan — 15 deputat;
  • “Adolat”dan — 9 deputat;
  • XDPdan — 7 deputat;
  • Eko partiyadan — 6 deputat.

Shunday qilib, O‘zLiDeP oldingi chaqiriqqa nisbatan qo‘shimcha 11 o‘rin egallab, 64 deputatlik (42,7 foiz) o‘rniga ega bo‘ldi. “Milliy tiklanish” 7 o‘rinni boy berib, 29 ta (19,3 foiz) o‘ringa, “Adolat” 3 o‘rinni yo‘qotib, 21 ta (14 foiz) o‘ringa, O‘zXDP 2 o‘rinni qo‘ldan chiqarib, 20 ta (13,3 foiz) o‘ringa, Ekopartiya esa 1 o‘rin qo‘shib, 16 ta (10,7 foiz) o‘ringa ega bo‘ldi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 63 nafari qayta saylangani (42 foiz, 2019-yilgi saylovda 27 foiz edi) haqida yozgandi. Shuningdek, avvalgi chaqiriq Senatning bir necha a’zosi palata deputati bo‘ldi.

Partiya ro‘yxati bo‘yicha deputatlikka saylangan bosh vazir o‘rinbosari, vazir yoki davlat organi rahbarlarining birortasi ham Qonunchilik palatasi deputati bo‘lish uchun o‘z lavozimini tark etmaydigan bo‘lgan.