Qarshining “Nasaf” futbol klubi o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Qashqadaryo jamoasi ushbu muvaffaqiyatni Superliga bahslari yakunlanishiga uch tur qolganida rasmiylashtirdi. 1-noyabr kuni Superliga 23-turi doirasida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga qarshi o‘yinda yarim himoyachi Akmal Mozgovoy tomonidan kiritilgan gol evaziga qo‘lga kiritilgan 1:0 hisobidagi g‘alaba “Nasaf"ga uzoq kutilgan chempionlikni keltirdi.

“Gazeta.uz” fotomuxbiri Murod Yusuf Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida bo‘lib o‘tgan mazkur o‘yinda bo‘lib, uchrashuvning e’tiborga molik lahzalarini kadrlarga muhrladi.