Davlat hokimiyati vakillik organlari — Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari deputatlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini saylash bo‘yicha qo‘shma majlislari 7−12-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Saylov kodeksiga muvofiq, Senat a’zolari (parlamentning yuqori palatasi, hududiy vakillik palatasi) saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Senat a’zolari ushbu organlar deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
27-oktabr kuni Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Parlamentning quyi palatasiga saylovlar birinchi marta aralash (majoritar-proporsional) tizimda o‘tkazildi. Palatada 150 nafar deputat — 75 nafari bir mandatli okruglardan majoritar tizim bo‘yicha (nomzod uchun ovoz berish) va 75 nafari proporsional, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxatlari bo‘yicha) saylangan.
Agar ilgari Senat 100 nafar a’zodan iborat bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, endilikda senatorlar soni 65 nafarni tashkil etadi. Ular Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — 4 nafardan (ilgari — 6 nafardan) saylanadi. Senatning yana 9 nafar a’zosi (ilgari — 16) fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa sohalarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan eng obro‘li fuqarolar orasidan prezident tomonidan tayinlanadi.
Senat a’zolarining, shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlarining vakolat muddati besh yil hisoblanadi.