Vazirlar Mahkamasi 28-oktabrdagi “Avtomobil yo‘llari bo‘ylab katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Hujjatga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha zamonaviy o‘lchov vositalari bilan jihozlangan statsionar va ko‘chma shoxobchalar o‘rnatilib, ularni ishlatishga xususiy sektor jalb qilinadi.
Shuningdek, shoxobchalar auksion orqali tadbirkorlik subyektlariga 20 yil muddatga ijara asosida va boshqa shaxslarga o‘tkazish huquqi bilan beriladi.
Qaror bilan Avtomobil yo‘llarida og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar va ko‘chma shoxobchalarni tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yish uchun o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi):
- xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida — BHMning 50 baravari;
- davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarida — BHMning 40 baravari;
- mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida — BHMning 30 baravari miqdorida belgilanadi.
Elektron onlayn-auksion savdolaridan tushgan mablag‘lar elektron savdo maydoni operatori xarajatlarini chegirib tashlangan holda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Ishga tushirilgan o‘lchov nazorat shoxobchalari orqali qayd etilgan yuk tashish qoidalari (tegishli ruxsatnomasiz og‘ir vaznli, yirik gabaritli, yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, shuningdek, umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarida yo‘lga chiqish, xuddi shuningdek, ruxsatnomada ko‘rsatilgan harakat yo‘nalishidan chetga chiqish) buzilgani uchun undirilgan jarimalar summasidan tushgan mablag‘larning:
Dastlabki 2 yil davomida:
- 40 foizi — tadbirkorlik subyektiga;
- 35 foizi — jamg‘armaga;
- 15 foizi — Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasiga;
- 10 foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
2 yil o‘tganidan so‘ng:
- 30 foizi — tadbirkorlik subyektiga;
- 45 foizi — jamg‘armaga;
- 15 foizi — Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasiga;
- 10 foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga yo‘naltiriladi.
Bunda fuqarolarga yuboriladigan jarimalar bo‘yicha pochta, internet va SMS xabarnomalar uchun sarflanadigan hamda jarimalarni saralash va ular bo‘yicha qaror qabul qilish ishlariga shartnoma asosida jalb etiladigan ma’muriy amaliyot xodimlari uchun sarflanadigan xarajatlar Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.