Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni O‘zbekistonda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, 20-avgust kuni prezident va tadbirkorlar o‘rtasida an’anaviy ochiq muloqot bo‘lib o‘tgandi. Muhokama qilingan muammo va takliflar asosida tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshirishlarni tartibga solish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun faqat bitta javobgarlik chorasi belgilanishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.
Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish taklif qilinmoqda.
Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida 2025-yil 1-martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Bunda, ro‘yxatda yo‘q masalalar bo‘yicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali biznes ombudsmanini xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab tekshiruvlar tadbirkorlarni uch toifaga bo‘lgan holda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi asosida o‘tkaziladi. Shu maqsadda Hisob palatasining “Davlat auditi” axborot tizimi biznes ombudsmanining yagona hisobot berish bo‘yicha yagona davlat nazorati tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Taqdimotda noqonuniy tekshirishlarning oldini olish, nazorat organlari inspektorlarining malakasini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
“Davlatimiz rahbari bu choralarni huquqiy jihatdan takomillashtirish, amaliyotda adolatli qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi”, — deyiladi xabarda.