2025-yil uchun davlat budjetida dollarning o‘rtacha yillik kursi 13 250 so‘m darajasida hisoblangan. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasidan kelib chiqadi.

Kelgusi yilda YAIM 1,63 kvadrillion so‘mni yoki dollar ekvivalentida 123 mlrd dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan. Bu va boshqa hisob-kitoblarda dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha yillik kursi 13 250 so‘m (2024-yil uchun kutilayotgan darajadan 4,8 foizga ko‘p), 2026-yil uchun 13 725 so‘m, 2027-yil uchun 14 150 so‘m darajasida hisobga olingan. 2024-yilda dollarning o‘rtacha kursi 12 640 so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

budjetnoma, dollar kursi, иқтисодиёт va moliya vazirligi, марказий bank, so‘m

Dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha yillik kursi AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan butun kalendar yili uchun hisoblangan o‘rtacha kursi sanaladi. Bu ko‘rsatkich yil davomida valyuta kursining o‘zgarishini hisobga olish va milliy valyutadagi hisob-kitoblar uchun barqarorroq mo‘ljalni olish maqsadida budjet hamda iqtisodiy prognozlarda qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, milliy valyuta kursining 100 so‘mga qadrsizlanishi davlat budjeti xarajatlarining 240 mlrd so‘mga oshishiga olib keladi. Taqqoslash uchun: 2024-yilgi budjetnomada bunday xarajat 400 mlrd so‘m darajasida baholangan.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘mning 1 foizga qadrsizlanishi inflyatsiyaning 0,3 foiz punktga oshishiga olib kelishini aytgandi.

2024-yilning dastlabki 10 oyida milliy valyuta atigi 3,5 foizga qadrsizlandi (o‘tgan yilning shu davrida 8,8 foizga qadrsizlangan).

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda 2025-yilda budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori 7 foiz darajada prognoz qilinayotgan inflyatsiyadan past bo‘lmagan miqdorda oshirilishi rejalashtirilgan. 2024-yilda ish haqi va pensiyalarni oshirish uchun rejalashtirilganidan kamroq mablag‘ ajratildi.