Siyosat
O‘zbekistonning Indoneziyadagi yangi elchisi tayinlandi
Oybek Eshonov O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchisi etib tayinlandi. U bungacha O‘zbekistonning Isroildagi elchisi, TIVning Janubiy Osiyo, Yaqin, O‘rta Sharq va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Iqtisodiyot
2025-yilda ish haqi, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshirish rejalashtirilmoqda
2025-yilda O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarni inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajaga oshirish rejalashtirilmoqda (inflyatsiya prognozi 7 foiz). 2024-yilda ish haqi va pensiyalarni oshirish uchun rejalashtirilganidan kamroq mablag‘ ajratildi.
“Bu xatar”. Markaziy bank rahbari O‘zbekistonning gaz va neft ta’minotida Rossiyaga qaramligi haqida
O‘zbekiston gaz, neft va benzinning asosiy qismini Rossiyadan import qiladi. Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov ta’minotdagi bir mamlakatga qaramlik haqidagi savolga javob berib, bu xatar ekanini tan oldi va logistikadagi uzilishlar ichki narxlarga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi
O‘zbekiston AQSh bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning aytishicha, muzokaralar 14 oy davom etgan. “Bu oson bo‘lmagan yo‘l, umr bo‘yi esda qoladigan tajriba bo‘ldi”, — deb ta’kidladi u.
2025-yilda dollarning o‘rtacha yillik kursi 13 250 so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha yillik kursi 13 250 so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu 2024-yil kutilayotganidan 4,8 foizga ko‘p. Milliy valyuta kursining 100 so‘mga qadrsizlanishi budjet xarajatlari 240 mlrd so‘mga oshishiga olib keladi.
“Bizda nazorat nisbatan kuchli”. Markaziy bank raisi — AQShning O‘zbekiston kompaniyalariga nisbatan sanksiyalari haqida
Mahalliy banklar yozdayoq AQSh sanksiyalariga uchragan O‘zbekiston kompaniyalari bilan operatsiyalarni to‘xtatdi, dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. Uning so‘zlariga ko‘ra, nisbatan kuchli nazorat mamlakatga sanksiyalar xavfini kamaytirish imkonini bermoqda.
“3 marta chaqirib, ogohlantirganmiz”. Markaziy bank — UPay faoliyati cheklangani haqida
Markaziy bank raisi UPay`ga cheklov kiritilishidan oldin kompaniya 3 marta ogohlantirilganini ta’kidladi. Avvalroq regulyator to‘lov tashkiloti faoliyatini 6 oy muddatga cheklagan, korxonaning ona kompaniyasi hisoblangan Humans esa cheklovlar sababidan OAV orqali xabardor bo‘lganini qayd etgandi.
Raqamli markirovkalash qoidalarini buzgan tadbirkorlar uchun javobgarlikni bekor qilish rejalashtirilmoqda
Prezidentga tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Raqamli markirovkalash va fiskal belgilarni aks ettirish qoidalarini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun javobgarlikni, shuningdek, YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tmay ishlash uchun jarimani bekor qilish rejalashtirilmoqda.
Tamaki va alkogol mahsulotlariga aksiz markalarini qo‘llash tartibi belgilandi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi qaroriga muvofiq, tamaki va alkogol mahsulotlariga aksiz markalarini qo‘llash tartibi belgilandi.
O‘zbekiston Xitoy bilan kichik yadroviy reaktorlarni qo‘llash va uranni qayta ishlashni o‘rganadi
O‘zbekiston va CNNC kompaniyasi O‘zbekistonda Xitoyning kichik modulli yadroviy reaktorlaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganadi. Ikki davlat delegatsiyalari uran rudasini qazib olish quvvatlarini kengaytirish, uni qayta ishlash va keyinchalik yoqilg‘idan AESlarda foydalanish masalalarini ham muhokama qildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda 4−10-noyabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? “Gazeta.uz” sharhi
O‘zbekistonda issiq harorat ortidan, dushanba kechga tomon aksariyat hududlarda yog‘ingarchilik kutiladi. Hafta o‘rtasiga qadar kamida ikkita nam havo oqimi ta’sirida joylarda vaqti-vaqti bilan yog‘inlar va sovuq harorat kuzatiladi. Hafta oxiri, xususan, dam olish kunlari quruq, ammo sovuq bo‘ladi.
Ish haftasida havo soviydi va yomg‘ir yog‘adi
Seshanba kunidan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab havo asta-sekin soviy boshlaydi, aksariyat hududlarda yomg‘ir yog‘adi. Ish haftasi yakuniga qadar havo harorati kunduzi +5…+10 darajagacha, kechasi 0, ayrim joylarda -2 darajagacha pasayadi.
O‘zbekiston hududiga 5-noyabrdan sovuq va nam havo massalari kirib keladi
O‘zgidromet O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishini ma’lum qildi. Havo harorati ba’zi joylarda -3 darajagacha pasayadi. Ayrim joylarda kuchli yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda qorga aylanadi. Hududlarni suv bosishi mumkin.
Buxoroda qizining tanasiga qizigan kapgir bosgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida voyaga yetmagan qiziga jarohat yetkazgan ayolga nisbatan jinoyat ishi ochildi. 9 yoshli qiz shifoxonaga yotqizilgan.
Qashqadaryodagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchi qizni urdi
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Pedagog o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Holat yuzasidan ma’muriy ish ochilgan.
Toshkentda kabel o‘tkazish uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
Toshkent shahrida fuqaro kabel o‘tkazish uchun qazilgan chuqurga tushib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari jabrlanuvchini chuqurdan chiqarib olib, shifokorlarga topshirdi.
Toshkentda 7-noyabrdan isitish mavsumi boshlanadi
Toshkent shahrida isitish mavsumi 7-noyabrdan bosqichma-bosqich boshlanadi. 5-noyabr soat 00:00 dan boshlab issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent viloyatida Cobalt va Isuzu avtobusi to‘qnashuvi ortidan ikkisi yonib ketdi
Dushanba kuni ertalab Ohangaron tumanida Cobalt va Isuzu avtobusi to‘qnashib ketdi. Birozdan so‘ng avtoulovlarda qisqa tutashuv sabab yong‘in chiqdi. Hodisa oqibatida vafot etganlar yo‘q, yong‘in o‘chirildi.
Toshkentda “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi
Poytaxtda 9-noyabrda “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi. Hokimlik tashkilotlar, korxona hamda faol fuqarolarni daraxt ekish tashabbusiga qo‘shilishga chaqirdi.
Madaniyat
Foto: “Bizni birlashtirgan tog‘lar” ko‘rgazmasidan reportaj
Toshkent Fotosuratlar uyida Qirg‘izistonda bo‘lgan an’anaviy “Sharqning quyoshli ranglari” xalqaro pleneri qatnashchilari Jahongir Abdullayev, Temur Lashyonov, Zuhriddin Qiyomov va Bobur Vahobjonovning umumiy ko‘rgazmasi uyushtirildi. Namoyishga qo‘yilgan rasmlardan parchalar — “Gazeta.uz” reportajida.
Sport
O‘zbekistonlik yosh bokschilar Chernogoriyadagi jahon chempionatidan 13 ta medal bilan qaytdi
Chernogoriyada o‘tgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 13 ta medal: 5 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza qo‘lga kiritdi. Musobaqada o‘zbekistonlik erkaklar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston World Boxing xalqaro boks tashkilotiga qo‘shildi
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gvatemala va Laos mamlakatdari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va IBA o‘rtasidagi mojaroli munosabatlar fonida tashkil etilgan World Boxing xalqaro tashkiloti a’zosi bo‘ldi. World Boxing rahbari O‘zbekiston va Qozog‘istonning tashkilotga qo‘shilishi katta o‘zgarish bo‘lganini aytdi.
Jahon
Tehronda talaba qiz norozilik sifatida ko‘chaga ichki kiyimda chiqdi
Eron poytaxtida talaba qiz norozilik namoyishi sifatida universitet hovlisiga ichki kiyimda chiqqach, qo‘lga olindi. Jarayonda unga kuch ishlatilgani aytilmoqda. Qiz avvalroq hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun (yoki umuman o‘ramagani uchun) hujumga uchragan. Huquq himoyachilari qizni ozod etishni talab qilmoqda.
O‘q-dori va qo‘shin jo‘natgani uchun KXDR Rossiyadan guruch va kosmik texnologiyalar oladi — Korea Herald
O‘q-dori yetkazish va Rossiya-Ukraina urushiga qo‘shin yuborish evaziga Shimoliy Koreya Rossiyadan yiliga 600−700 tonna guruch va kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini oladi, deb yozdi Korea Herald gazetasi. Shuningdek, Koreya yarimorolidagi ehtimoliy urushda Moskva Pxenyanga yordam berishi mumkin.
Mayya Sandu Moldovadagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi
Ovozlarning 99,82 foizi sanab chiqilgach, Moldovada amaldagi prezident Mayya Sandu saylovning ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi. Sandu 55,40 foiz, uning raqibi Aleksandr Stoyanoglo 44,60 foiz ovoz oldi. Prezident chet elda yashovchi fuqarolar ovozi hisobiga ustunlikka erishdi.
Kemi Badenok Britaniya Konservativ partiyasining yangi rahbari bo‘ldi
Buyuk Britaniya Konservativ partiyasining yangi rahbari etib Kemi Badenok saylandi. U Britaniya siyosiy partiyasini boshqaruvchi birinchi qora tanli ayol bo‘ldi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!