Korea Herald gazetasi Janubiy Koreyaning Rossiyadagi sobiq elchisiga tayanib, o‘q-dorilar yetkazib berish va Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etishga qo‘shin yuborish evaziga KXDR rasmiylari Moskvadan yiliga 600−700 tonna guruch va kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini olishini ma’lum qildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya razvedka qo‘mitasidan ma’lumot olgan sobiq elchi Vi Son Lakning aytishicha, ilgari Moskva Pxenyanga yiliga 50 ming tonnadan 100 ming tonnagacha guruch yetkazib bergan, ammo endi yetkazib berish 600−700 ming tonnagacha oshiriladi.
Vi Son Lakning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya har yili 4 million tonnaga yaqin don ishlab chiqarishini ma’lum qiladi, ammo bu zarur bo‘lganidan taxminan 1 million tonnaga kam. Shunday qilib, Rossiyadan yetkazib berish Pxenyan uchun g‘alla tanqisligining yarmidan ko‘prog‘ini qoplashga yordam berishi mumkin.
Shimoliy Koreya rasmiylariga ko‘ra, Rossiya, shuningdek, ilg‘or kosmik texnologiyalarga ega yangi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Pxenyanga ham yordam bermoqda.
Biroq, sobiq elchining so‘zlariga ko‘ra, Moskva bilan kelishuvning eng muhim qismi shundaki, agar Koreya yarimorolida urush boshlansa, Pxenyan Rossiyaning harbiy yordamiga ega bo‘ladi.
“Shimoliy Koreya, hammaga ma’lum, Rossiya tomonida jang qiladi. Agar qachonlardir Koreya yarimorolida urush boshlansa, Shimoliy Koreya Rossiya yordamga kelishiga umid qilishi mumkin”, — dedi elchi.
Ukraina va G‘arb rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga yaqin vaqt ichida Rossiya-Ukraina urushiga borishi mumkin bo‘lgan 10 mingga yaqin harbiy xizmatchini yuborgan. Kiyev va G‘arb hukumatlarida ham Pxenyan Rossiyaga katta miqdordagi artilleriya snaradlarini yetkazib bergani haqida ma’lumotlar bor.
Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaga yuborilishini rad etmagandi va tomonlar imzolangan sheriklik shartnomasi doirasida o‘zlari xohlagan tarzda hamkorlik qilishini aytgandi.