Toshkent shahrida 9-noyabr kuni “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ko‘ngillilar daraxtlarni o‘zlari xohlagan joyda — uy hovlisida, korxona hududida yoki boshqa tavsiya etilgan maqbul joylarda ekishi mumkin.
Poytaxtning iqlim sharoiti va mavsumiy xususiyatlarini inobatga olgan holda, yagona ekotizimni saqlash uchun mutaxassislar daraxtlarning yaxshi ildiz otishi uchun qalamchalar o‘rniga 2 yoshdan katta ko‘chatlarni ekishni va sug‘orish tizimi mavjud joylarni tanlashni tavsiya etgan.
Shuningdek, chinor, lola daraxti, lipa, katalpa, zarang, qayrag‘och, eman va oq/pushti akatsiya kabi daraxtlar ekish ham tavsiya etilgan. Bunga ushbu turdagi daraxtlar mintaqada azaldan yetishtirilgani va uzoq yil umr ko‘rishi bilan ajralib turishi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatining “Gazeta.uz” ma’lum qilishicha, daraxt ekishni istovchilar sug‘orish tizimiga ega yer topa olmasa, hokimiyatga @poytaxtuz_bot Telegram boti orqali murojaat qilishi mumkin. Mas’ullar murojaat asosida tegishli yer maydonini topishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, shahar hokimligi jamoasi Yangihayot va Bektemir tumanlarida daraxtlar ekishni rejalashtirmoqda. Ta’kidlanishicha, bu tashabbus aynan shu formatdagi ilk loyiha hisoblanadi va shu bois hokimlik tashkilotlar, korxona hamda faol fuqarolarni loyihaga qo‘shilishga chaqirgan.