Eron poytaxti Tehronda universitet hovlisiga ichki kiyimda chiqqan talaba qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Iran International. Ismi oshkor qilinmagan qizning hibsga olingani ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan tasdiqlandi.

Tarmoqlarda universitet hududida ichki kiyimda yurgan talaba qiz tasvirlangan video tarqaldi. Ta’kidlanishicha, qiz 2-noyabr kuni qo‘lga olingan. Qizning bu ishi norozilik aksiyasi bo‘lgan. Avvalroq u, bir versiyaga ko‘ra, hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun, boshqa versiyaga ko‘ra, uni kiymagani uchun hujumga uchragan. Talaba qizga universitet xavfsizlik kuchlari xodimlari va “Basij” yoshlar tashkiloti vakillari tomonidan hujum qilinib, kiyimlari yirtilgani aytilmoqda.

Qo‘lga olish paytida qiz yana zo‘ravonlikka uchradi, deb yozadi Iran International guvohlarga tayanib. Shu bilan birga, uning boshi mashina eshigiga urilgani, bu esa kuchli qon ketishiga olib kelgani ta’kidlanmoqda.

Reuters`ning universitet rasmiylariga tayanib ta’kidlashicha, hibsga olingan qiz “kuchli ruhiy bosim ostida” va “ruhiy holati buzilgan”. Mahalliy OAV qiz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilishi mumkinligini ham bildirgan.

Erondagi Amnesty International huquq himoyachilari hibsga olingan qizni zudlik bilan ozod etishni talab qilmoqda.

Erondagi 2022-yilgi norozilik namoyishlari

2022-yil sentabr oyida Tehronda “axloq politsiyasi” tomonidan hibsga olingan Mahsa Aminiy politsiya hibsxonasida vafot etgani to‘g‘risidagi xabar ortidan Saqqez shahrida boshlangan norozilik namoyishlari to‘lqini butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan va namoyishni kuch bilan bostirish vaqtidagi ommaviy qirg‘inlarga sabab bo‘lgan. 22 yoshli talaba qiz hijobni to‘g‘ri o‘ramagani uchun “axloq politsiyasi” tomonidan hibsga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat rasmiylari AQSh va Isroilni norozilik namoyishlarini tashkil qilishda ayblagan, biroq noroziliklarning hukumatning siyosiy qatag‘onlari, korrupsiya hamda iqtisodiyotdagi noto‘g‘ri boshqaruv sabab ommaviy tus olgan.

Hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirishga harakat qilgan. Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, mamlakat xavfsizlik kuchlari suv purkagichlardan foydalangan, shuningdek, o‘q uzgan, namoyishchilar esa tosh otgan, politsiya mashinalariga va jamoat binolariga o‘t qo‘ygan. Shuningdek, inson huquqlari guruhlari namoyishlar vaqtida kamida 450 kishi o‘ldirilganini ma’lum qilgan. The New York Times Eron rasmiylari namoyishchilarni omma oldida qatl qila boshlagani to‘g‘risida xabar qilgan.

2023-yilda Eron hukumati hijob kiymaydigan ayollarni ta’qib qilish uchun yangi vositalar, jumladan, “aqlli kameralar”ni joriy qilgan.