Nyu-York ma’muriyati shahar aholisiga ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tishga (jaywalking) rasman ruxsat berdi, deb yozadi New York Times va AP.

Qonun o‘tgan oy shahar kengashi tomonidan qabul qilingan va Nyu-York meri Erik Adams 30 kun davomida unga hech qanday munosabat bildirmagani (imzolamagani yo veto qo‘ymagani)dan keyin o‘tgan hafta oxirida avtomatik ravishda kuchga kirdi.

“Keling, realist bo‘laylik, har bir Nyu-York fuqarosi ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tadi. Odamlar shunchaki o‘zlariga kerakli joyga borishga harakat qilmoqda”, — dedi qonun loyihasi tashabbuskori, shahar kengashi a’zosi Mersedes Narciss.

Yangi qonun piyodalarga yo‘lni istalgan joydan, jumladan, o‘tish joylari atrofidan, shuningdek, qizil chiroqda ham kesib o‘tishga ruxsat beradi. Shu bilan birga, piyodalar yo‘lning harakat qismida ustunlikka ega emasligi va ular boshqa transport vositalarini o‘tkazib yuborishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

1958-yildan beri Nyu-Yorkda belgilanmagan joydan o‘tish taqiqi amal qiladi va 250 dollargacha jarimaga sabab bo‘ladi. NYT’ning qayd etishicha, jarimalar asosan qora tanlilar va lotin amerikasiliklarga berilgan. Bu qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortilgan 463 kishining 90 foizdan ortig‘i qora tanli yoki lotin amerikasilik bo‘lgan. Politsiya, shuningdek, qoidabuzarlikdan aholini, ayniqsa, ranglilarni to‘xtatish, so‘roq qilish va qidirish uchun bahona sifatida foydalangan.

Yangi qonun huquqni muhofaza qilish organlaridagi irqiy tafovutlarga barham beradi, dedi Narciss. “Kundalik hayotda oddiy xatti-harakatlarni jazolaydigan qonunlar mavjud bo‘lmasligi kerak, ayniqsa, ular rangli jamoalarga adolatsiz ta’sir qilganda”, — dedi u.

Narciss, shuningdek, nyu-yorkliklar jinoyatdan xavotirda bo‘lgan paytda politsiya belgilanmagan joydan o‘tayotgan piyodalarga vaqt sarflamasligi kerakligini qo‘shimcha qildi. “Ushbu jarimalarni bekor qilish orqali biz zobitlarimizga haqiqatan ham muhim masalalarga e’tibor qaratish imkonini beramiz”, — dedi u.

Tashabbus nyu-yorklik kam ta’minlanganlarga bepul yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi Legal Aid Society notijorat tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U qonunni qabul qilish vaqti allaqachon yetib kelganini ta’kidladi va shahar kengashini “jamoat xavfsizligi maqsadlariga xizmat qilmaydigan va odamlarni faqat jinoiy-huquqiy tizimga tortadigan eskirgan qonunlarni bekor qilishni davom ettirishga” chaqirdi.

Biroq Nyu-York meriyasi belgilanmagan joydan o‘tish juda xavfli ekanini eslatdi. “Hamma yo‘l harakati qoidalariga rioya qilganda, barcha yo‘l harakati qatnashchilari xavfsizroq bo‘ladi. Biz piyodalarni mavjud xavfsizlik mexanizmlari — kunduzgi yoritish, piyodalar orollaridan foydalanishga va piyodalar o‘tish joylaridan ruxsat beruvchi signal vaqtida o‘tishga undashda davom etamiz”, — dedi shahar meri matbuot kotibi Liz Garsiya.

So‘nggi yillarda AQShning boshqa: Missuri, Kaliforniya, Nevada va Virjiniya shtatlarida ham belgilanmagan joydan o‘tish dekriminallashtirildi.