Buyuk Britaniyaning sobiq biznes va savdo vaziri Kemi Badenok Konservativ partiyaning yangi rahbari etib saylandi. U Britaniya siyosiy partiyasini boshqaradigan birinchi qora tanli ayol bo‘ldi, deb yozadi Reuters.

44 yoshli Badenok bu lavozimda Konservativ partiyaning saylovlardagi eng yirik mag‘lubiyatidan keyin partiya yetakchisi lavozimidan iste’foga chiqqan sobiq bosh vazir Rishi Sunak o‘rnini egalladi — 2024-yil iyul oyida konservatorlar Jamoatchilik palatasidagi 650 o‘rindan atigi 121 o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Badenok 2016-yildan beri konservatorlarning beshinchi yetakchisi hisoblanadi. U partiya a’zolarining 57% ovozini oldi, uning asosiy raqibi, sobiq immigratsiya vaziri Robert Jenrik — 43%. Saylovda partiya a’zolarining 72,8 foizi ovoz berish huquqiga ega bo‘ldi.

Britaniya bosh vaziri va Leyboristlar partiyasi rahbari Kir Starmer uning g‘alabasini olqishlab, “Vestminster partiyasining birinchi qora tanli yetakchisi — bu mamlakatimiz uchun sharafli lahza”, — dedi.

Badenok Konservativ partiyaning o‘ta o‘ng qanotiga mansub bo‘lib, so‘z erkinligi, erkin tadbirkorlik va erkin bozor tarafdori. G‘alaba qozonganidan so‘ng u o‘z nutqida partiya oldida turgan ikkita vazifani belgilab berdi: leyboristlar hukumatini javob berishga chaqirish va keyingi bir necha yil ichida 2029-yilda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish.

“Ish bilan shug‘ullanish, yangilanish vaqti keldi”, — dedi Badenok.