Toshkent Fotosuratlar uyida 31-oktabr kuni rassomlar Jahongir Abdullayev, Temur Lashyonov, Zuhriddin Qiyomov va Bobur Vahobjonovning “Bizni birlashtirgan tog‘lar” nomli umumiy ko‘rgazmasi ochildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
To‘rttala rassom ham O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi stajyorlari hisoblanadi. Badiiy akademiya har yili rassomlarni Qirg‘izistonda 2011-yildan beri o‘tkaziladigan “Sharqning quyoshli ranglari” xalqaro pleneriga yuboradi. 2023-yili borgan rassomlar Issiqko‘lda ijod qilgan bo‘lsa, 2025-yilda Jalolobod manzaralari suratga solinishi kutilyapti. 2024-yilda esa o‘zbekistonlik to‘rt rassom Norin tog‘larida ijod qildi.
Rassomlar bir necha suratni Qirg‘izistondayoq chizib bo‘lib, mezbonlarga sovg‘a qilib qoldirgan. Qoralamalarining aksariyati O‘zbekistonda, Badiiy akademiya qoshidagi ustaxonada ishlangan. Ayrim kartinalarni bitirishga ikki-uch kun vaqt ketgan bo‘lsa, ba’zilari yarim oyda tayyor bo‘lgan. Har bir rassom 20 ga yaqin surat solgan bo‘lib, Toshkent Fotosuratlar uyida ularning yettitadan ishlari ko‘rgazmaga qo‘yildi.
“Qirg‘izistonda tabiat Alloh tomonidan qanday yaratilgan bo‘lsa, uni shundayligicha saqlashga harakat qilingan”, — deydi rassom Bobur Vahobjonov. Uning aytishicha, u yerda duch kelgan joyda dala-hovli, o‘yingoh yo sayilgohlarni ko‘rmaysan.
“Qirg‘izistondagi go‘zallikni ko‘rib, odamning g‘ayrati jo‘shadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ba’zi rasmlarda kompozitsion tarzda biroz bo‘rttirib, badiiylik ko‘paytirilgan. Rassom tabiatni ko‘chirishga emas, tabiatga o‘zining munosabatini ko‘rsatib berishga harakat qiladi. Buni uddalay olgan bo‘lsak, judayam xursandmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Rassom Zuhriddin Qiyomovning suratlari faqat tog‘lar bilan cheklanmaydi — unda Qirg‘izistondagi maqbaralarni ham ko‘rish mumkin. Uning aytishicha, tog‘larda tasvirlash, matoga tushirish mumkin bo‘lgan nuqtalar, detallar ko‘p.
“Qay birini chizishni bilmay, hech narsa qilmay, ortga qaytgan paytlarim ham bo‘lgan. Boraman, qayerda, qanday joy ekan, deb sinchkovlik bilan kuzataman. Bu yerda chizgim keladi, u yerda chizgim keladi, hamma joy yoqaveradi, lekin hech kimnikiga o‘xshamaydigan, ajralib turadigan ish qilish uchun ko‘p o‘ylanishimga to‘g‘ri keldi. O‘ylaymanki, asarlarim tashrifchilarga yoqadi”, — deydi.
Jahongir Abdullayev ish jarayonida ob-havoning tez o‘zgarishi — ertalab issiq, tushdan keyin esa qishdagi kabi sovuq bo‘lishi — ijodkorlarni biroz qiynaganini ta’kidladi. So‘ngko‘lda suv bo‘yida rasm chizish vaqti kuchli shamol va sovuq bo‘lgani bois, eskizlarini shamol uchirib ketmasligi uchun bir rassom chizayotganida, boshqasi uning anjomlarini ushlab turgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad nafaqat Qirg‘iziston tog‘larining chiroyini ko‘rsatish, balki tabiatni asrashga undash hamdir. “Odamzod go‘zallikni qanchalik ko‘p ko‘rsa va yoqtirsa, uni asrashga ham shunchalik ko‘p harakat qiladi”, — deydi rassom Jahongir Abdullayev.
Ko‘rgazma 4-noyabr kuni yopiladi.