4-noyabr kuni Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev Shanxaydagi EKSPO ko‘rgazmasi doirasida China National Nuclear Corporation Overseas (CNOS, China National Nuclear Coorporation — CNNC’ning shu’ba korxonasi) bosh direktori Vei Fuki bilan uchrashdi, deya “Gazeta.uz”ga xabar berdi “O‘zatom” matbuot xizmati.

Tashrif yakunlari bo‘yicha CNNC kompaniyasi bilan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik qilish, XXRning AES qurish tajribasini o‘zlashtirish imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqish, O‘zbekistonda Xitoyning kichik modulli reaktorlarini (KMR) qo‘llashni o‘rganish va keyingi potensial loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, uran rudasini qazib olish, qayta ishlash, shuningdek, ishlab chiqarishni kengaytirish sohasidagi hamkorlik va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni eksport qilish va keyinchalik AESlarda yoqilg‘idan foydalanish masalarini muhokama qildi.

Xitoy tomoni yadro texnologiyalarining barcha yo‘nalishlarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi, deya xabar beradi “O‘zatom”.

Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va AQSh kompaniyalari o‘rtasida kichik modulli reaktorlarning xususiyatlari taqqosi.Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va AQSh kompaniyalari o‘rtasida kichik modulli reaktorlarning xususiyatlari taqqosi.

Oktabr oyi o‘rtalarida Atom energiyasi agentligi rahbari Azim Axmedxadjayev ko‘plab global kompaniyalar o‘zlarining kichik modulli reaktor texnologiyalarini faol ravishda rivojlantirayotganini aytgandi. Misol tariqasida u 100 MVt quvvatga ega kichik modulli reaktor qurilishini yakunlayotgan Xitoyning CNNC kompaniyasini ko‘rsatgan.

“Ular faqat kelgusi yilda ishga tushiriladi. Shundan so‘ng biz ushbu kichik modulli reaktorlarning rivojlanishini kuzatishimiz mumkin. Xuddi shunday sa’y-harakatlar hozir Koreyada ham, Yaponiyada ham, AQShda ham amalga oshirilmoqda. Ammo ular o‘z texnologiyalarini faqat 2030-yildan keyin taklif qilishlari mumkin”, — degandi u.

“O‘zatom” agentligi qoshidagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov O‘zbekistonda kichik AES qurilishida ishtirok etish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

“Atom stansiyasi ikkita yirik komponentdan iborat — bu yadro oroli va yordamchi obyekt. Yadroviy orolni, tabiiyki, bosh pudratchimiz „Atomstroyeksport“ („Rosatom“) bilan realizatsiya qilamiz. Yordamchi obyekt xalqaro kompaniyalar ishtiroki bilan xalqaro loyiha bo‘lishi uchun qandaydir tarzda birlashtirmoqchimiz. Hozir variantlar ustida ishlamoqdamiz”, — degandi Otabek Amanov.

Avgust oyida “O‘zatom” delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurgan va u yerda loyihada ishtirok etish istagini bildirgan, ya’ni turbina uskunalari, generatorlar va quruq gradirnyalar (AES uskunalarini bug‘lantirmasdan sovitish uchun qurilma) yetkazib berishni rejalashtirgan Xitoy kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.