Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Gazeta.uz”ning O‘zbekistonning energoresurslar ta’minotida Rossiyaga qaramligi haqidagi savoliga javob berdi.

Bitta yetkazib beruvchi bilan bog‘liqlik ma’lum bir xatarlarni tug‘diradi, deya tan oldi regulyator rahbari.

“Buni bitta davlatdan importi[ga kelsak], biz uchun eng asosiysi [energiya resurslari] qaysi narxda kirib kelib, ichki bozorda qanaqa narxda shakllanishi. Va, albatta, savolingiz o‘rinli, to‘g‘ri, chunki bitta yetkazib beruvchi bilan bog‘liqlik, ma’lum jihatdan logistikadagi yoki boshqa joydagi uzilishlar, albatta, ichki bozordagi narxlarga ta’sir qiladi. Biz bunaqa xatarni, albatta, inobatga olishga harakat qilganmiz va import parametrlarini shakllanayotganda hukumatga ham o‘z qarashlarimiz va fikrimizni kiritganmiz. Albatta, qanday holatda bo‘lmasin, bitta subyektga bog‘lanish ma’lum bir xatarlarni tug‘diradi, bu bor narsa”, — dedi u.

Avvalroq Markaziy bank kelgusi choraklarda energiya resurslarini yetkazib berish va ularning narxlarining o‘zgarishi, ayrim tovarlar yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bog‘liq risklar inflyatsiyaning tezlashishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagandi.

2023-yil 7-oktabrdan O‘zbekiston kuz-qish davridagi taqchilligining bir qismini qoplash uchun Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz importini boshlagandi. Gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma ikki yilga tuzilgan bo‘lib, belgilangan xarid hajmi kuniga 9 mln kub metr yoki yiliga qariyb 2,8 mlrd kub metrni tashkil etadi.

Rossiyaning O‘zbekistonga yetkazib berayotgan gazi hajmi ayni damda 5 mlrd kub metrdan oshdi, degandi yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova. O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida gaz importi 1 mlrd 280 mln dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning dastlabki to‘qqiz oyiga nisbatan 3,6 barobar ko‘p.

2023-yil boshida O‘zbekistonga benzin importi hajmi bir necha barobar oshdi. O‘tgan yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 335,2 mln litr yoqilg‘i yetkazib berildi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 dollarni tashkil etdi. Bu hajm deyarli to‘liq Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

2023-yilning 21-sentabrdan 17-noyabrgacha Rossiyada benzin eksportiga taqiq joriy qilingandi. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu holat mamlakatdagi yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyatga ta’sir qilganini aytgandi.

2023-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga yetkazib berilgan neft hajmi 154,3 ming tonnani tashkil etdi, 2024-yil oxiriga kelib esa bu hajmni 500 ming tonnadan oshirish rejalashtirilgan.