Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonning yana ikki kompaniyasi AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilishiga izoh berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O‘zbekistonning ikki kompaniyasiga nisbatan Rossiyaning texnologik va sanoat sektoridagi faoliyati uchun sanksiyalar joriy qilgandi.
Amerika hukumati ma’lumotlariga, Uzstanex sanksiya ostidagi Rossiya kompaniyasiga dastgohlar yetkazib berishda, The Elite Investment Group esa “GTS Grupp”ga transformatorlar yetkazib berish jarayonida ishtirok etgan.
Markaziy bank raisining so‘zlariga ko‘ra, regulyator sanksiyalar xavfidan xavotirda, biroq ikkita hukumat komissiyasi va banklar sanksiya ostidagi kompaniyalar bilan operatsiyalarni oldini olish choralarini ko‘rmoqda.
“Biz ham bundan juda xavotirdamiz. Hukumatimiz, prezidentimiz tomonidan ikkita hukumat komissiyasini tuzilgan. Bitta komissiya eksport-import operatsiyalarida sanksiyalarga tushib qolish ehtimolini nazorat va monitoring qiladi, ikkinchi komissiya pul o‘tkazmalari va to‘lovlarda sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli bo‘yicha [ishlaydi]. Aytishim kerakki, bizda birmuncha kuchli. Ko‘p holatlarda, siz aytayotgan tashkilot bo‘yicha ham ularning to‘lovlarini o‘tkazish yozda to‘xtatilgan… Banklarimiz OFAC va Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha talabidan kelib chiqqan holda eksportyor va importerlarga o‘zlarining ichki talablarini qo‘ygan. Ularning amalga oshirilishi ma’lum darajada bizning sanksiyalar ostida qolish xavfimizni pasaytirib turibdi”, — dedi Markaziy bank raisi.
Mamarizo Nurmuratov, shuningdek, OFAC bilan birgalikda O‘zbekiston tadbirkorlariga 4,6 mln dollarni qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qo‘shimcha qildi. Ushbu miqdordagi to‘lovlar xorijiy banklar tomonidan qabul qilinmagan va muzlatib qo‘yilgan.
Avvalroq AQSh hukumati Polarstar Logistics kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek, Mvizion, “Ohangaronsement”, Ucell`da ulushga ega bo‘lgan va O‘zbekistondagi markirovkalash tizimining operatori hisoblanadigan Digital Invest kompaniyasi hamda bir qator jismoniy shaxslarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.