Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida UPay to‘lov tashkiloti savdo belgisiga egalik qiluvchi, Humans kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblangan “Maroqand” AJ faoliyati olti oy muddatga cheklanganiga izoh berdi.
“„Maroqand“ — to‘lov tashkiloti. Humans esa o‘sha to‘lov tashkilotining to‘lov agenti. Biz „Maroqand“ to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotganlik borasida 3 marta bank qo‘mitasiga chaqirib ogohlantirganmiz. Biz to‘lov tashkilotining agentini ogohlantirmaymiz, biz to‘lov tashkilotini ogohlantiramiz”, — dedi Markaziy bank raisi.
Mamarizo Nurmuratov korxona faoliyati qimor o‘yinlari bilan bog‘liq operatsiyalar tufayli cheklanganini yana bir bor ta’kidladi.
“Biz ochiq aytdik, bu qimor o‘yinlari bilan bog‘liq. Aholining pulini shu narsaga, bukmekerlik kontoralari va boshqalarga o‘tkazib berish bilan shug‘ullandi. Shuning uchun ham biz olti oyga to‘xtatdik. Men ham o‘qidim, kimdir „bizni xabardor qilmadi, boshqa“, debdi. Biz asosiy aybdorni xabardor qildik. Reglamentimizdan chiqqan tashkilotni 3 marta chaqirib, muhokamasini qilib, ogohlantirganmiz”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, regulyator UPay bo‘yicha bayonotida qaror uchun asos sifatida taqiqlangan xizmatlar (qimor o‘yinlari) uchun to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yib kelganlikni keltirgandi.
Biroq Humans regulyatorning xatti-harakatlarini qonun hujjatlari me’yorlarini buzgan holda amalga oshirilgan, shuningdek, “bozorni adolatli tartibga solish tamoyillariga zid va biznes yuritish uchun jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda”, deb hisoblashini ma’lum qilgandi.
Kompaniya Markaziy bank o‘tkazilgan amaliyotlar bo‘yicha hech qanday ma’lumot so‘ramagani va “Maroqand"ning huquqbuzarliklarini ko‘rsatmasdan qaror qabul qilganini qayd etgan. “Cheklovlar sababi o‘yinlar bilan bog‘liq amaliyotlar ekanligini biz bugun OAVdagi xabarlardan bildik”, — deyiladi kompaniya xabarida.
“Bunday noqonuniy harakatlar adolatli tartibga solish tamoyillariga putur yetkazadi va moliya sektori barqarorligi hamda mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligiga jiddiy xavflarni tug‘diradi. Hozirgi paytda Humans jamoasi va „Maroqand“ AJ servisni tiklash uchun yangi texnik yechim ustida faol ish olib bormoqda”, — deya ta’kidlagandi o‘shanda Humans Companies ["Maroqand"ning yagona ta’sischisi] direktori Vladimir Dobrinin.